Joriy yilning 4-avgust kuni Toshkent shahar IIBB JQB xodimlari tomonidan Botir e. ismli shaxs qo'lga olingan. Uning “Spark” rusumli avtomobili salonidan qalbaki 15 762 AQSH dollari topilib, olib qo'yilgan.
Kupyuralar haqiqiyligini aniqlash uchun Toshkent shahar IIBB eKMga topshirildi. O'tkazilgan ekspertiza xulosasiga ko'ra, 157 dona 100 AQSH dollari, 7 dona 10 AQSH dollari va 2 dona 1 AQSH dollari qiymatidagi kupyuralar qalbaki usulda tayyorlangani aniqlangan. Qalbaki pullarni sotishda gumon qilingan shaxsga nisbatan qonuniy chora ko'rish uchun Yunusobod tumani IIO FMB tergov bo'limiga yuborilgan.
Mazkur holat yuzasidan Yunusobod tumani IIO FMB tergov bo'limi tomonidan O'zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 176-moddasi 3-qismi (“Qalbaki pul, aksiz markasi yoki qimmatli qog'ozlar yasash, ularni o'tkazish”) bilan jinoyat ishi qo'zg'atildi. Hozirda jinoyatga aloqador boshqa shaxslarni aniqlash maqsadida tezkor tergov tadbirlari olib borilmoqda.