Tadbirda Markaziy Osiyo mamlakatlari, Italiya va Yevropa Ittifoqi tashqi siyosiy idoralari rahbarlari, iqtisodiy va moliyaviy tuzilmalari, sogʻliqni saqlash muassasalari rahbarlari va vakillari ishtirok etdi.

Delegatsiyalar Markaziy Osiyo davlatlari va Italiya oʻrtasidagi oʻzaro hamkorlikning bugungi holati va istiqbollarini muhokama qildilar, zamonaviy tahdid va xatarlarga birgalikda javob berish muhimligini taʼkidladilar. Mintaqadagi ekologik muammolarni hal etish, ekstremizm va terrorizm kabi transmilliy tahdidlarning oldini olish, shuningdek, millatlararo totuvlik, xalqlarning doʻstlik va qardoshlik rishtalarini mustahkamlash yoʻllari tahlil etilgan.

Konferensiya sessiyalari doirasida mintaqaviy iqtisodiy sheriklikni takomillashtirish, savdo-investitsiya, transport va tranzit sohalarida oʻzaro hamkorlik samaradorligini oshirish mexanizmlari koʻrib chiqildi. Energetika, agrobiznes va sanoat uskunalari sohasida qoʻshma loyihalarni amalga oshirishga alohida eʼtibor qaratildi. Pandemiyaga qarshi kurashish va uning oqibatlarini bartaraf etish chora-tadbirlari yuzasidan fikr almashgan holda sogʻliqni saqlash sohasida hamkorlikdagi saʼy-harakatlarning ustuvor yoʻnalishlari belgilab olindi.

Anjuman doirasida “Markaziy Osiyo va Italiya oʻrtasidagi ilmiy hamkorlikning bugungi holati va rivojlanish istiqbollari” mavzusida “davra suhbati” ham tashkil etilib, unda Markaziy Osiyo va Italiyaning yetakchi ekspertlari ishtirok etdi. Ishtirokchilar mintaqaviy boshqaruvning konseptual modellari, barqaror va inklyuziv rivojlanish, madaniy merosni muhofaza qilish va targʻib qilish, ilmiy va akademik aloqalarni faollashtirish masalalari yuzasidan fikr almashdilar.