Toshkent shahrida kuydirgi kasalligi tarqalgani haqidagi xabarlar tasdiqlanmadi

    Shu kunlarda OAV va ijtimoiy tarmoqlarda poytaxtimizning Yunusobod tumanida kuydirgi kasalligi aniqlandi, degan mazmundagi xabarlar tarqaldi.

    Mazkur holat bo'yicha Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati munosabat bildirdi.

    Mutasaddilarning ma'lum qilishicha, shu yil 16-avgust kuni Toshkent shahrining Uchtepa tumanidagi 26-sonli oilaviy poliklinikada “Kuydirgi kasalligining tabiiy o'choqlaridan kelib chiqishi va tarqalishining oldini olish” mavzusida ko'rgazmali maxsus-taktik o'quv mashg'uloti o'tkazilgan.

    Unda epidemiolog mutaxassis tomonidan interv`yuda 2022-yil davomida Yunusobod tumanida yashovchi bir nafar fuqaroda mazkur xastalik aniqlanganiga doir tasdiqlanmagan ma'lumot berilgan.

    Vaholanki, joriy yil 2-fevral kuni kuydirgi kasalligiga gumonlanib tibbiyot muassasasiga murojaat qilgan Yunusobod tumanida yashovchi fuqaroda chuqurlashtirilgan laborator tekshiruvlar natijasida xastalik o'z tasdig'ini topmagan.

    Umuman, joriy yilning o'tgan davrida Toshkent shahrida birorta kuydirgi kasalligiga chalinish holati qayd etilmadi, deyiladi rasmiy bayonotda.