Uning taʼkidlashicha, oʻtgan asr ham, undan oldingi asrning oxirlarida ham poytaxtda mart oyida 184 mm dan koʻp yogʻingarchilik boʻlmagan. Toshkent shahrida meteorologik kuzatuvlar 1870-yildan boshlangan boʻlib, 152-yildan buyon muntazam hech qanday uzilishlarsiz davom etmoqda.
Yoshi kattalar juda yaxshi eslashadi, 1968-1969-yilning qish mavsumi Oʻzbekistonda juda sovuq va koʻp qorli boʻlgan. Shu bilan birgalikda 1969-yil mart oyida yogʻinlar ham favqulodda koʻp yogʻgan. Bir oy davomida umumiy yogʻin 184 mm boʻlgan. Bu, poytaxtda bahor mavsumi boshidagi oy uchun kuzatuvlar tarixida eng koʻp yogʻin yogʻgan koʻrsatgichdir.
Mart oyida oʻrtacha yogʻingarchilik oy davomida 70.2 mm yogʻadi. Hozirning oʻzida poytaxtda 168 mm yogʻin yogʻib boʻldi. Bu, Toshkentda bir yilda yogʻishi kerak boʻlgan yogʻinning 37 foizidir. Oydagi meʼyoriy oʻrtacha qiymatning esa 240 foizidir.
Oʻzgidromet tomonidan yogʻinlar poytaxtda 25-martga oʻtar kechasi, 26 va 27-mart kunlari yogʻishi prognoz qilinmoqda. Ishonchli iqlim modellari bu davr uchun poytaxtda yana umumiy 16 mm ga yaqin yogʻin yogʻishini prognoz qilgan. Balki, ushbu oy oxirida poytaxtda tarixiy rekord yogʻingarchilik kuzatilishiga guvoh boʻlarmiz, deb yozadi olim.