Natijada, avtomashinada internet orqali faoliyat yurituvchi narkodoʻkonga aloqador boʻlgan 1993, 1994 va 1995-yillarda tugʻilgan uch nafar poytaxtlik fuqaro borligi aniqlandi. Ulardan 37 dona “Tropikamid” hamda tarkibida pregabalin saqlagan 124 dona kapsula ashyoviy dalil sifatida olindi.

Tezkor tadbir davomida internet narkodoʻkonning “zakladchik”lari sifatida faoliyat yuritgan, 1998-yilda tugʻilgan ikki nafar shaxs ham ushlandi. Ular tomonidan poytaxtning turli hududlarida “zakladka” usulida yashirilgan jami 1186 dona “Pregabalin” va 125 dona “Tropikamid” aniqlanib, olib qoʻyildi.

Maʼlum boʻlishicha, mazkur kuchli taʼsir qiluvchi dori vositalari Sergeli tumanida joylashgan narkolaboratoriyada tayyorlangan. Ushbu manzil xolislar ishtirokida koʻzdan kechirilganda, 1987, 1993, 1995 va 2000-yillarda tugʻilgan toʻrt nafar shaxs dorilarni tayyorlash bilan shugʻullanayotgani aniqlandi.

Xonadondan 5130 dona “Pregabalin” kapsulalari va 10 kg “Pregabalin” moddasi, 75 dona “Tropikamid” flakoni va 6 kg ushbu modda, shuningdek 60 ming dona boʻsh kapsula va flakonlar hamda laboratoriya jihozlari protsessual tartibda rasmiylashtirib olindi.

Hozirda mazkur shaxslarga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 251¹-moddasiga asosan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, “qamoq” ehtiyot chorasi qoʻllanildi.

Shuningdek, Davlat xavfsizlik xizmati hamda Bojxona idoralari hamkorligida oʻtkazilgan yana bir tezkor tadbir davomida 1987-yilda tugʻilgan shaxsning Shayxontohur tumanidagi xonadoni tekshirildi.

Tekshiruv natijasida uning uyi va avtomashinasidan 16 227 dona “Pregabalin”, 7 947 dona “Regapen”, 35 dona “Lirika” va 14 dona “Perge” — jami 24 223 dona kuchli taʼsir qiluvchi dori vositalari olindi.

Tergovga qadar tekshiruv davomida ushbu dorilar Qirgʻiz Respublikasidan Fargʻona viloyati orqali kontrabanda yoʻli bilan olib kirilgani aniqlangan. Gumonlanuvchi ularni 34 ming AQSH dollariga sotib olib, Toshkent shahrida qayta sotish orqali daromad topishni rejalashtirgan.

Mazkur holat yuzasidan unga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 251¹-moddasi 5-qismi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, “qamoq” ehtiyot chorasi qoʻllanildi. Hozirda uning Fargʻona viloyatidagi jinoiy sheriklarini aniqlash va qoʻlga olish choralari koʻrilmoqda.