Toshkent shahrida Sankt-Peterburg davlat universiteti filiali tashkil etiladi

    Ta'lim 13 Yanvar 2021 5140

    “Toshkent shahrida “Sankt-Peterburg davlat universiteti” Federal davlat byudjeti oliy taʼlim muassasasi filiali faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisidagi” Prezident qarori (PQ–4942, 12.01.2021) qabul qilindi.

    Qarorga belgilanishicha, filial:

    universitetning alohida tarkibiy boʻlinmasi hisoblanadi;

    taʼlim faoliyatini 2021/2022 oʻquv yilidan boshlaydi;

    kadrlar tayyorlashni kunduzgi, keyinchalik sirtqi va boshqa taʼlim shaklida olib boradi;

    bitiruvchilariga Oʻzbekiston Respublikasida oliy maʼlumot toʻgʻrisidagi hujjat sifatida tan olinadigan Universitetning belgilangan namunasidagi diplomini beradi;

    taʼlim jarayonini rus tilida, keyinchalik boshqa tillarda olib boradi.

    Filialga talabalarni oʻqishga qabul qilish davlat granti hamda toʻlov-kontrakt asosida amalga oshiriladi. Bunda, davlat granti asosida taʼlim olgan filial bitiruvchilari uch yildan kam boʻlmagan muddatga majburiy ishlab berish sharti bilan Oʻzbekiston Respublikasining davlat organlari va tashkilotlariga taqsimlanadi;

    Filial Toshkent davlat sharqshunoslik universitetining Toshkent shahar Mirobod tumani, Shahrisabz koʻchasi, 16-uy manzilida joylashgan bino va inshootlariga tekin foydalanish huquqi bilan joylashtiriladi.

    Qarorga asosan filialda quyidagi bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari va magistratura mutaxassislari boʻyicha kadrlar tayyorlanadi:

    1. Filologiya (sharq tillari boʻyicha);

    2. Mamlakatshunoslik va xorijiy mamlakatlar iqtisodiyoti (sharq mamlakatlari boʻyicha);

    3. Biotibbiyot (kimyo, fizika, psixologiya va boshqalar).

    Izoh berilishicha, bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari va magistratura mutaxassislari roʻyxatiga buyurtmachi tashkilotlar ehtiyojlarini hisobga olib, Sogʻliqni saqlash vazirligi hamda “Sankt-Peterburg davlat universiteti” Federal davlat byudjeti oliy taʼlim muassasasi bilan kelishgan holda Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi tomonidan oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilishi mumkin.

    Taʼlim inspeksiyasi matbuot kotibi kanaliga ulanish