Oʻtgan yili ayrim mamlakatlardan investitsiyalar kamaygani, bu yilda qator yetakchi davlatlar investorlari bilan loyiha qilinmagani koʻrsatib oʻtildi.
Xitoy, Rossiya va Malayziya bilan hokimlar va investorlarni bir-biriga bogʻlash tajribasi qolgan mamlakatlardagi elchixonalarimizda ham yoʻlga qoʻyilishi zarurligi qayd etildi.
Oʻtgan oyda Londonda “Oʻzbekiston investorlari kuni” tashkil etilgani natijasida 2,77 milliard dollar jalb qilish boʻyicha kelishuvga erishildi. Bunday tadbirlarni Nyu-York, Singapur, Gonkong, Dubay, Shanxay, Tokio, Istanbul kabi megapolislarda ham oʻtkazish topshirildi.
Xususiylashtirish boʻyicha muhim qarorlar qabul qilinishi kutilmoqda. Bunda 15 ta yirik davlat korxonasi yevrobond chiqarib, IPOga qoʻyiladi, 49 ta korxonadagi davlat ulushi xalqaro bozorda sotiladi.
«Bu oʻz-oʻzidan boʻlmaydi. Investor keladi, deb oʻtirmasdan, elchilar uchrashuv tashkil etishi, vazirlar va hokimlar borib taqdimot qilishi kerak. Shunda natija boʻladi», — dedi Prezident.
Shu oyda Jizzaxda, iyun oyida esa Toshkent shahrida xalqaro investitsiya forumlari oʻtkaziladi. Vazirlar va hokimlarga hozirdan puxta tayyorlanib, investorlarga taklif qilish uchun loyihalar portfelini shakllantirish topshirildi. Bunday forumlarni yil davomida barcha hududlarda tashkil etish vazifasi qoʻyildi.