Toshkent shahridagi Amiti universitetida umumtaʼlim maktablari direktorlari ishtirokida xalqaro anjuman oʻtkazildi. Tadbir Birlashgan Arab Amirligining Dubay va Abu-Dabi shaharlarida joylashgan Amiti maktablari bilan birgalikda onlayn tarzda olib borildi. Seminarda 170 dan ortiq maktablardan direktor va xodimlar ishtirok etdi.

Seminarning asosiy maqsadi Oʻzbekistondagi umumtaʼlim maktablarida AKT yoʻnalishini rivojlantirish, matematika va ingliz tili fanlariga boʻlgan qiziqishni oshirishdan iborat boʻldi.

Uchrashuvda Amiti universiteti rahbariyati hamda Dubay shahridagi Amiti maktabining direktorlari va mutaxassislari oʻz bilimlari bilan oʻrtoqlashdi hamda global taʼlim tendensiyalari haqida maʼlumot berdi.

Seminar yakunida nafaqat ikki taʼlim muassasasi vakillari oʻrtasida, balki ikki mamlakatning malakali oʻqituvchilari bilan birgalikda talaba va maktab oʻquvchilariga turli sohadan qiziqarli tadbir va treninglar oʻtkazishga kelishildi.

Ushbu tadbir Toshkent shahridagi Amiti universiteti tomonidan maktablar uchun amalga oshirilayotgan koʻmakning boshlanishi boʻlib, kelgusida axborot texnologiyalari, matematika va ingliz tili fanlari boʻyicha oʻqituvchilar uchun chuqurlashtirilgan dasturlar ishlab chiqariladi, shuningdek maktab oʻquvchilari uchun alohida oʻquv kurslari joriy etiladi.