Toshkent shahar hokimligi poytaxtdagi oziq-ovqat, dehqon va buyum bozorlarida qurilish va rekonstruksiya ishlari boshlanayotganini eʼlon qildi.
Maʼlum qilinishicha, oziq-ovqat, dehqon va buyum bozorlaridagi sotuvchi va xaridorlarga qulaylik yaratish, bozorlar faoliyatini takomillashtirish, ularning sanitariya-gigiyena hamda yongʻin xavfsizligi talablariga javob beradigan holatga keltirish maqsad qilingan.
Ushbu ishlarning birinchi bosqichida, poytaxtning barcha bozorlariga mahsulotlarni asosiy yetkazib beruvchisi boʻlgan Toshkent qishloq xoʻjalik mahsulotlari ulgurji bozori rekonstruksiya qilinadi.
Taʼkidlanishicha, bozorga olib kelinayotgan mahsulotlar bozor hududiga sigʻmay, atrofidagi hududlarda, shu jumladan Chirchiq kanali boʻyida tartibsiz savdo amalga oshirilayotgani hamda bozor hududiga kuniga 600 dan ortiq yuk mashinalari kirib-chiqishi avtomobil yoʻllarning tirbandligiga asosiy sabab boʻlmoqda va aholiga jiddiy noqulayliklar yaratmoqda.
Rekonstruksiya davrida tadbirkorlar oʻz faoliyatini “Fud Siti”, “Toshkent indeks” va boshqa savdo majmualarida tashkil etilgan qulay sharoitlarda davom ettirilishi taklif qilinadi.
Bunda, tadbirkorlar mulklarini koʻchirish bilan bogʻliq boʻlgan xarajatlar (transport, yuklash, tushirish va boshqalar) bepul amalga oshiriladi hamda savdo majmualaridagi doʻkonlar uchun ijara toʻlovlaridan 3 oyga ozod qilinadi.
Shuningdek, aholiga qulay sharoit yaratish maqsadida “Qoʻyliq” massividan bozor hududigacha yoʻlkira xaqi olinmaydigan 10 ta avtobus yoʻnalishga qoʻyilib, jamoat transporti uchun shohbekat tashkil qilindi va shaharning barcha yoʻnalishlarga chiqish imkoni yaratildi.
Bozorda faoliyat yuritayotgan 144 nafar ishchi-xodimlar “Fud Siti” va “Toshkent indeks” savdo majmualarida ish bilan taʼminlanadi.
“Shu tariqa, bozorlarni tartibga keltirish, koʻchirish yoki rekonstruksiya qilish ishlari poytaxtimiz boʻylab davom etadi va tez orada ular aholi uchun fayzli va obod maskanlarga aylanishiga umid qilamiz”, — deyiladi xabarda.