Toshkent shahar hokimligi huzuridagi Raqamli rivojlanish departamenti tomonidan http://geonom.tashkent.uz sayti sinov tariqasida ishga tushirildi.

18 yoshga toʻlgan va poytaxtimizda doimiy yoki vaqtincha roʻyxatdan oʻtgan fuqarolar saytda roʻyxatdan oʻtib, poytaxtimizdagi yangi geografik obyektlarni nomlash va mavjudlarini qayta nomlashda ishtirok etishi mumkin.

Oʻzbekiston Respublikasi Transport vazirligi va Toshkent shahar hokimligi poytaxtimiz aholisini Metropoliten yer usti liniyasining Doʻstlik-Qoʻyliq va Olmazor-Sergeli yoʻnalishlaridagi 19 ta bekatga nom berish jarayonida faol ishtirok etishga taklif qiladi.

Buning uchun http://geonom.tashkent.uz havolasiga oʻtib, takliflarni kiritish mumkin.

Taklif etilayotgan nom:

— geografik obyektga eng xos boʻlgan belgilarni aks ettirishi;

— joylashgan yerdagi geografik obyektlar nomlarining mavjud tizimiga mos tushishi;

— mahalliy aholining geografik, tarixiy, milliy, etnik, tilga oid va boshqa xususiyatlarini hisobga olishi;

— universal va qisqa – koʻpi bilan uchta soʻzdan iborat boʻlishi kerak.

Saytda aholining takliflari yigʻiladi. Davlat boshqaruvi va mahalliy davlat hokimiyati organlari, tarixchilar, filologlar, oʻlkashunos, toponimist, blogerlar hamda tegishli faoliyat sohalarida maxsus bilimlarga ega boʻlgan ekspertlardan iborat Ishchi guruh kelib tushgan takliflardan har bir bekat uchun 3 tadan nomni tanlab oladi va bu nomlar onlayn ovoz berishga qoʻyiladi.

Takliflar 2022-yilning 5-dekabrdan 11-dekabrgacha qabul qilinadi.