Лого Лого-пв-уз

    Toshkent shahridagi qishloq xo‘jaligi mahsulotlari narxi o‘rganildi

    Bu haqda Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi axborot xizmati ma’lum qildi. 

     

    Poytaxtimizdagi “Eski Juva dehqon bozori”dagi goʻsht va “Qoʻyliq ulgurji dehqon bozori”dagi ayrim turdagi qishloq xoʻjaligi mahsulotlarining kunlik ulgurji narxlari oʻrganildi.

    Kuzatuvlar natijasiga koʻra, respublika boʻyicha qishloq xoʻjaligi mahsulotlari narxlari yuzasidan “Toshkent qishloq xoʻjaligi mahsulotlari ulgurji bozori” AJ (“Qoʻyliq” ulgurji bozori), goʻsht mahsulotlari boʻyicha esa “Eski Juva dehqon bozori” AJda (Chorsu) shakllangan narxlar moʻljal boʻlib xizmat qilishi aniqlandi.

    Tadbirkorlar va qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini yetishtiruvchi fermer va dehqon xoʻjaliklarining takliflarini inobatga olgan holda asosiy turdagi qishloq xoʻjaligi mahsulotlari narxlarini kuzatib borish metodologiyasi ishlab chiqilib, bozorlarga keltirilayotgan mahsulotlar narxlarini onlayn rejimda kunlik monitoring va eʼlon qilib borish amaliyoti yoʻlga qoʻyilmoqda.

    Qoʻyliq ulgurji bozorida — 25 turdagi meva, sabzavot va poliz mahsulotlari narxlari boʻyicha maʼlumotlar ertalab soat 5:00 dan 7:00 ga qadar; Chorsu bozorida — mol va qoʻy goʻshti narxlari boʻyicha maʼlumotlar ertalab soat 5:00 va 8:00 oraligʻida oʻrganib chiqilmoqda.

    Ushbu tizimning amaliyotga joriy qilinishi dastlabki bosqichda qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini yetishtiruvchi fermer va dehqonlar hamda ulgurji va chakana savdodagi tadbirkorlar uchun zaruriy maʼlumotlar bazasi vazifasini bajaradi.

    Shu bilan birga, dehqon va fermerlar uchun mahsulotlarni sotish boʻyicha shartnomalar tuzishda dalaning oʻzida joriy narxlar toʻgʻrisida maʼlumotlarga ega boʻlish imkonini beradi.

    Ushbu tizimdagi narxlar mamlakatimizning boshqa hududlaridagi ulgurji va chakana narxlarning shakllanishiga moʻljal boʻlib xizmat qiladi hamda kelgusida tahlil va qaror qabul qilishda maʼlumotlar bazasini shakllantiradi.