“Hududgazta’minot” AJ matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, Toshkentda jamiyat mutaxassislari “O‘zneftgazinspeksiya” xodimlari bilan birgalikda nazorat tadbirlarini o‘tkazdilar.
Tadbir davomida poytaxtdagi sakkizta avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor shoxobchalari (AGTKSH) faoliyati o‘rganildi, shundan to‘rtta AGTKSHda gaz hisoblash uskunasiga tashqi ta’sir o‘tkazish yo‘li bilan tabiiy gazdan foydalanish qoidalarini buzish holatlari aniqlandi.
Huquqbuzarlarga nisbatan tabiiy gazdan foydalanish bo‘yicha qayta hisob-kitob amalga oshirilib, qo‘shimcha 7 mlrd. so‘mlik gaz hajmi taqdim qilindi. Xususan,
- Yunusobod tumanidagi “Aleks Plyus Biznes” MCHJga qarashli AGTKSHga nisbatan 2.3 mlrd. so‘mlik 2.3 mln. m³ gaz hajmi;
- Sergeli tumanidagi “Poytaxt Gaz Savdo” MCHJga qarashli AGTKSHga nisbatan 1.7 mlrd. so‘mlik 1.7 mln. m³ gaz hajmi;
- Uchtepa tumanidagi “Tashbus Gazoil” MCHJga qarashli AGTKSHga nisbatan 1.3 mlrd. so‘mlik 1.7 mln. m³ gaz hajmi;
- Mirzo Ulug‘bek tumanidagi “Tashbus Rauf Shams AAA” MCHJga qarashli AGTKSHga nisbatan 1.6 mlrd. so‘mlik 1.6 mln. m³ gaz hajmi hisoblandi.
Shuningdek, tabiiy gazdan foydalanish qoidalarini buzganlik to‘g‘risidagi hujjatlar huquqni muhofaza qilish organlariga yuborildi.
Fursatdan foydalanib, “Hududgazta’minot “ AJ iste’molchilardan tabiiy gazdan foydalanish qoidalarini buzmasliklarini so‘rab qoladi va bunday huquqbuzarliklar qonunga muvofiq javobgarlikka sabab bo‘lishini eslatib o‘tadi.