Toshkent shahriga kirish uchun toʻrtta darvoza qurilishi mumkin

    Toshkent Invest kompaniyasi poytaxtga toʻrtta kirish darvozasining eskiz loyihasini ishlab chiqish boʻyicha ochiq xalqaro tanlovini eʼlon qildi.

    Bu haqda kompaniya matbuot xizmati xabar berdi.

    «Ushbu loyiha zamonaviy va anʼanaviy gʻoyalar uygʻunlashgan holda Toshkentni oʻzgartirish yoʻlidagi yana bir qadam boʻladi. Biz shu yilning oʻzida qurilish ishlarini boshlashni rejalashtirganmiz va sizning ijodiy kuch-gʻayratingiz hamda gʻoyalaringiz ushbu oʻzgarishlarning asosiga aylanadi. Siz ijodiy jamoalarga qoʻshilishingiz, Oʻzbekistonlik mutaxassislar ishtirok etadigan guruhlar tuzishingiz mumkin», — deyiladi xabarda.

    Tanlov shu yilning 31-oktyabridan boshlanadi va unda oʻzbekistonlik va xorijlik barcha ishtirokchilar qatnasha oladi.

    Kelgusida darvozalar shaharning Rohat, Bektemir, Erkin va Uchqahramon postlari hududida tashkil etilishi rejalashtirilgan.

    Tanlov boʻyicha muhim sanalar:

    • 31-oktyabr — arizalarni qabul qilish boshlanishi;
    • 7-noyabr — arizalarni qabul qilishning oxirgi muddati;
    • 11-noyabr — finalchilar eʼlon qilinishi;
    • 30-noyabr — tanlov gʻolibini eʼlon qilish.

    Ishtirokchi boʻlish uchun 2024-yil 7-noyabrdan kechiktirmay tanlovning info@tashkentinvest.com elektron manziliga ariza yuborish lozim.

    Tanlov YUNESKO tavsiyalariga muvofiq oʻtkaziladi va gʻoliblar quyidagi mukofotlar bilan taqdirlanadi:

    • birinchi oʻrin — 100 million soʻm;
    • ikkinchi oʻrin — 50 million soʻm;
    • uchinchi oʻrin — 30 million soʻm.