Tadbir davomida Toshkent tumanida yashovchi fuqaro A.O telegram ijtimoiy tarmogʻida alohida guruh tashkil qilib, diniy ekstremistik va terroristik tashkilotlar tomonidan tayyorlangan “hijrat” va “jihod” qilish toʻgʻrisidagi audio va video maʼruzalarini tarqatib kelganligi va Toshkent tumanida yashovchi 5 nafar tanishlarini Suriya davlatiga borib xalqaro terrorchilik tashkilotlari safiga qoʻshilish hamda jangovar amaliyotlarda ishtirok etishga targʻib qilib kelayotgani aniqlandi.
Shundan soʻng, ushbu besh nafar shaxslarning yashash manzillarida oʻtkazilgan tekshiruv harakatlari davomida jinoyat ishiga aloqador boʻlgan materiallar aniqlanib, protsessual tartibda rasmiylashtirib olindi.
Fuqaro A.O.dan daliliy ashyo sifatida olingan video va audio materiallar boʻyicha oʻtkazilgan sud adabiyotshunoslik ekspertizasi xulosasida, ushbu maʼlumotlar aqidaparastlik gʻoyalari bilan yoʻgʻrilganligi, ularni Oʻzbekiston Respublikasi hududiga olib kirish, saqlash va tarqatish taʼqiqlanganligi maʼlum boʻldi.
Hozirda mazkur holat yuzasidan fuqaro A.O.ga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 244-moddasi 3-qismi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Toshkent viloyati IIBB Axborot xizmati