Toshkent va Chimkent turizm sohasida hamkorlikni mustahkamlaydi

    Turizm 5 Oktabr 2022 1555

    Joriy yil 5-oktyabrda Toshkent shahar hokimligi huzuridagi Turizm va madaniy meros bosh boshqarmasi koʻmagida Chimkent shahrining turistik salohiyati toʻgʻrisida taqdimot oʻtkazildi.

    Bu toʻgʻrisida poytaxtimizdagi Wellness hotel & SPA mehmonxonasi shinam zalida Chimkent shahar turizm va tashqi aloqalar boshqarmasi turizm sohasini rivojlantirish boʻlimi bosh mutaxassisi Azamat Nurimbetov taqdimot oʻtkazdi. Shuningdek, Chimkent shahri taklif etayotgan sayyohlik yoʻnalishlariga bagʻishlangan sermazmun va qiziqarli videorolik namoyish etildi. Xususan:

    - ziyorat turizmi, jumladan, Sayramdagi musulmonlar ziyoratgohlariga;

    - arzon narxlarda noyob xalq taomlari bilan qahvaxona va restoranlarga gastronomik turizm;

    - korxonalarni ochishda qulay shart-sharoitlar va imtiyozlar taklif etilayotgan ishbilarmonlar uchun biznes turizm.

    Bundan tashqari, Chimkentda koʻplab arzon turar-joylar mavjud boʻlib, transport infratuzilmasi yaxshi rivojlangan va koʻplab bogʻlar hamda xiyobonlar yonida oʻziga xos meʼmoriy uslubga ega boʻlgan zamonaviy binolar joylashgan.

    Tadbir ishtirokchilariga Toshkent shahar hokimligiga tantanali ravishda sovgʻa sifatida taqdim etilgan AR texnologiyasi (toʻldirilgan reallik) yordamida yaratilgan kitob-albom koʻrsatildi hamda Chimkent shahrining diqqatga sazovor joylari boʻylab virtual 3D-sayohatga ega VR koʻzoynaklar namoyish etildi.

    Taqdimotning rasmiy qismi Chimkent shahar turizm va tashqi aloqalar boshqarmasi, Qozogʻiston va Oʻzbekiston turoperatorlari oʻrtasida hamkorlik toʻgʻrisidagi memorandumlarni imzolashning tantanali marosimi bilan yakunlandi hamda ishtirokchilarning iliq va samarali muloqoti joʻshqin qozoq musiqasi ostida davom etdi, deb xabar beradi Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmati.

    Umid qilamizki, kelgusida Chimkent shahri toshkentliklar uchun mashhur sayyohlik maskaniga aylanadi, Oʻzbekiston poytaxtining turistik salohiyatini ochib beruvchi “Salom, Toshkent” videoroligi bilan tanishgan chimkentlik sayyohlar esa shahrimizga tashrif buyuradi.