Oʻzbekiston Respublikasi hukumati delegatsiyasining Vengriyaga tashrifi doirasida Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari — investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzakov va Vengriya tashqi ishlar va tashqi iqtisodiy aloqalar vaziri Peter Siyyarto raisligida iqtisodiy hamkorlik boʻyicha Oʻzbekiston – Vengriya hukumatlararo komissiyasi (HK)ning 6-yigʻilishi boʻlib oʻtdi.
Yigʻilish davomida investitsiyaviy, sanoat, savdo-iqtisodiy, bank-moliya va madaniy-gumanitar sohalardagi hamkorlik hamda hududlararo sheriklik masalalari koʻrib chiqildi.
2020-yilda Oʻzbekiston – Vengriya savdo aylanmasi hajmi 2019-yildagiga nisbatan 50 foizdan oshgan. Shu nuqtayi nazardan, HKning roli qoʻshma loyihalar va tashabbuslarni ilgari surishning samarali mexanizmi sifatida taʼkidlandi. Shundan kelib chiqib, yigʻilish doirasida tomonlar oʻzaro savdo koʻrsatkichlarini sezilarli darajada oshirish hamda qishloq xoʻjaligi, chorvachilik, kimyo, farmatsevtika va oziq-ovqat sanoati, qurilish materiallari sanoati kabi sohalarda sanoat kooperatsiyasining qoʻshma loyihalarini ishlab chiqishni faollashtirish boʻyicha amaliy tadbirlarni hayotga joriy etish toʻgʻrisida kelishuvga erishdilar.
Tomonlar Oʻzbekiston – Vengriya ishbilarmonlar Kengashi — iqtisodiy sheriklikni chuqurlashtirish uchun yangi platformaning ishga tushirilishini olqishladi. Uning asosiy vazifasi ikki mamlakat ishbilarmonlari oʻrtasidagi hamkorlikni kengaytirish va Oʻzbekiston hamda Vengriya tadbirkorlari oʻrtasida toʻgʻridan-toʻgʻri aloqalarni oʻrnatishdan iborat boʻladi.
Vengriyadagi moliya tashkilotlarining Oʻzbekiston bank tizimini xususiylashtirishdagi ishtirokini nazarda tutgan holda, Bank-moliya sohasida erishilgan muvaffaqiyat yuqori baholandi. Ushbu tashabbus doirasida, shuningdek, savdo va eksportoldi moliyalashtirish, xavflarni boshqarish hamda bank talablariga rioya qilishni taʼminlash kabi yoʻnalishlarda Oʻzbekiston banklari xodimlarining malakasini oshirish uchun seminarlar va mahorat darslari tashkil etiladi.
Tadbir davomida qator ikki tomonlama hujjatlar imzolandi. Xususan, ikki mamlakat Savdo-sanoat palatalari oʻrtasida Oʻzbekiston – Vengriya Ishbilarmonlik kengashini tuzish toʻgʻrisida bitim, Toshkent va Peshten viloyatlari oʻrtasida birodarlik aloqalarini oʻrnatish toʻgʻrisida Memorandum, Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi va Vengriya “ArchEnerg International Cluster” sanoat klasteri oʻrtasida muqobil energiya va infratuzilmani rivojlantirish sohalarida tajriba almashish va oʻzaro manfaatli axborot bilan taʼminlash boʻyicha hamkorlik qilish toʻgʻrisida Memorandum va alohida sohalarda boshqa bitimlar imzolandi, deb xabar beradi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.