Bu haqda Bosh prokuraturasi huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti maʼlum qildi.

Qayd etilishicha, Oʻzbekiston huquqni muhofaza qiluvchi organlari tomonidan muqaddas ziyorat bilan bogʻliq navbatdagi firibgarlik holatlariga chek qoʻyildi.

Departamentning Uchtepa tumani boʻlimi tomonidan oʻtkazilgan tadbirda fuqaro O.K. va uning sheriklari tuzogʻiga tushgan shaxs qutqarib qolindi.

Firibgarlar “Umra-2026” mavsumi uchun toʻrt nafar fuqaroga viza hujjatlarini rasmiylashtirib berish va ziyoratga yuborishni vaʼda qilishgan. Buning evaziga ular 4 900 AQSH dollari talab qilib, shundan 2 500 dollarini boʻnak (zaklad) sifatida olayotgan vaqtida qoʻlga tushdilar.

Shuningdek, Qashqadaryo viloyatining Gʻuzor tumanida esa xususiy aviakassa chipta sotuvchisi U.Q.ning qingʻir ishlari fosh boʻldi. U fuqaro L.Ch.ning qaynonasini “tanishlari” yordamida Umra ziyoratiga yuborishni vaʼda qilib, 12,2 million soʻm pul soʻragan. Aviakassa xodimi kelishilgan summadan 10 million soʻmni olayotgan paytida Departament xodimlari tomonidan ashyoviy dalillar bilan qoʻlga olindi.

Hozirda mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining ikkita moddasi — 168-modda (firibgarlik) hamda 28 va 211-moddalari (pora berishga sheriklik/pora berish) bilan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilgan. Huquqbuzarlarga nisbatan tergov harakatlari olib borilmoqda.

Mutaxassislar ziyoratchilardan bu kabi muhim safarlarni faqat rasmiy ruxsatnomaga ega boʻlgan va ishonchli tashkilotlar orqali amalga oshirishni, shubhali shaxslarning “arzon” yoki “tezkor” vaʼdalariga uchmaslikni soʻrab qoladi.