Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan boshqa huquq-tartibot organlari bilan hamkorlikda o'tkazilgan tezkor tadbirlarda:
- Toshkent shahrining Chilonzor tumanida yashovchi, 1983-y.t. shaxs Shayxontohur tumanida istiqomat qiluvchi fuqaroni ishonchiga kirib, tanishlari yordamida, unga Saudiya Arabistoniga “Haj” safariga borishi uchun zarur boʻladigan viza hujjatlarini tayyorlab berish va ziyoratga yuborish evaziga 8,5 ming AQSH dollari olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
- Boshqa holatda esa poytaxtimizda faoliyat yurituvchi sayyohlik firmasi xodimi Shayxontohur tumanida yashovchi fuqaroni soxta hujjatlar orqali “Haj” ziyoratiga yuborish evaziga 5,5 ming AQSH dollari olgan vaqtida ushlandi.
- Yana bir sayyohlik firmasi boshqaruvchisi va uning xodimi ham Yashnobod tumanida yashovchi fuqaroning ishonchini suiisteʼmol qilib, joriy “Haj-2024” mavsumida Saudiya podshohligiga muborak safarga yuborish evaziga 8,5 ming AQSH dollari talab qilishib, 4 ming AQSH dollari olgan vaqtlarida qoʻlga olindi.
- Qoʻqon shahrida faoliyat yurituvchi sayyohlik firmasining ish boshqaruvchisi 2 nafar fuqaroni haj amallarini bajarishlari uchun Saudiya Arabistoniga yuborish evaziga 12 ming AQSH dollari talab qilib, 10 ming AQSH dollari olgan vaqtida ushlandi.
- Qoʻqon shahrida kuzatilgan yana bir holatda, boshqa sayyohlik firmasi xodimi mahalliy fuqaroni hoji maqomiga ega boʻlishi uchun “Haj” ziyoratiga yuborish evaziga 6 ming AQSH dollari talab qilib, 3 ming AQSH dollari olgan vaqtida qoʻlga olindi.
Hozirda barcha holatlar yuzasidan mazkur shaxslarga nisbatan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.