Bu haqda “Spot” nashri Transport vazirligining taqdimotiga tayanib xabar bermoqda.
Transport vaziri oʻrinbosari Jasurbek Choriyev oʻz nutqida loyihaning texnik-iqtisodiy asoslari grant ajratgan Koreya Eksimbanki koʻmagida ishlab chiqilganini taʼkidladi. Yaqinda xarid qilingan 6 ta Hyundai Rotem poyezdlari shu yil oxiridan boshlab yetkazib beriladi, keyingi yil boshidan esa yoʻlovchilarga xizmat koʻrsata boshlaydi.
“Oʻzbekistonda mavjud temir yoʻllarining tranzit salohiyati cheklangan, chunki [yoʻlovchi tashishdan tashqari] mamlakat orqali oʻtadigan yuk tashuvlari ham mavjud. Bitta liniyadan bir vaqtning oʻzida yuk va yoʻlovchi tashishda foydalanish imkonsiz, biz uni yanada kengaytira olmaymiz. Albatta, biz operatsion jarayonlarni optimallashtiryapmiz, lekin shu bilan birga, maxsus tezyurar temir yoʻl liniyasini qurish muhim”, – degan Choriyev.
Uning soʻzlariga koʻra, tezyurar temir yoʻl Toshkentning yangi xalqaro aeroporti orqali Samarqandga yetib boradi.
Maʼlum qilinishicha, 24-oktyabr kuni Janubiy Koreyaning “Saman Engineering” kompaniyasi Transport vazirligi, Oʻzbekiston temir yoʻllari va boshqa idoralar takliflari asosida Toshkent-Samarqand tezyurar temir yoʻlining 3 ta variantini taqdim etgan.
Birinchi variantda temir yoʻl uzunligi 282 km, harakat vaqti 1 soat 26 daqiqa, oʻrtacha tezlik 185,7 km/soatni tashkil etadi. Umumiy uzunligi 8,9 km boʻlgan 74 ta koʻprik va 3 ta tunnel qurilishi koʻzda tutilgan.
Ikkinchi variantda magistralning uzunligi 291,7 km. Bunda oʻrtacha tezlik 179,4 km/soatgacha pasayadi, yoʻlga sarflanadigan vaqt esa 1 soat 33 daqiqagacha ortadi. Loyiha doirasida 82 ta koʻprik va 16 km uzunlikdagi 1 ta tunnel quriladi.
Uchinchi variantda yuqori tezlikdagi temir yoʻlning uzunligi 302 km.dan ortiq. Oʻrtacha tezlik 166,9 km/soat boʻlganda Toshkentdan Samarqandgacha boʻlgan masofa 1 soat 45 daqiqa davom etadi. Yoʻnalish umumiy uzunligi 9,6 km boʻlgan 105 ta koʻprik va 2 ta tunnelni oʻz ichiga oladi.