Toshkent shahrining Sankt-Peterburg bilan aloqalari serqirra ekanligiga toʻxtalib, savdo-sotiq, sanoat, taʼlim, madaniyat turizm, qurilish, zamonaviy texnologiyalar sohasidagi hamkorlik qatori qoʻshma investitsion loyihalarni amalga oshirish, ikki tomon tadbirkorlari oʻrtasida munosabatlarni mustahkamlash, oʻzaro samarali boʻlgan iqtisodiy yoʻnalishlarni rivojlantirish muhimligiga eʼtibor qaratdi.
Sankt-Peterburg Tashqi aloqalar boʻyicha qoʻmitasi raisi Yevgeniy Grigorev samimiy qabul va doʻstona muhit uchun minnatdorlik bildirib, bu uchrashuv Toshkentda yirik va nufuzli xalqaro tadbir – “Innoprom. Markaziy Osiyo” xalqaro koʻrgazmasi oʻtkazilayotgan kunlarda boʻlib oʻtayotgani ham ahamiyatli ekanligini qayd etdi. Oʻzbek xalqining ikkinchi jahon urushi yillarida koʻrsatgan mardligi, jasorati, bagʻrikengligi uchun piterliklar yurtimizni alohida qadrlashini bildirdi. Turli sohalarda oʻzaro aloqalarni kengaytirish va taraqqiy ettirishda Toshkent shahri delegatsiyasining Santk-Peterburgga tashrifi ahamiyatli boʻlishini taʼkidlab, hokimlik delegatsiyasini Peterburgga taklif etdi.
Sankt-Peterburg shahri vitse gubernatori Kirill Polyakov yoʻl-transport sohasida amalga oshirilgan ishlar, xususan, aholini sifatli transport xizmati bilan taʼminlash, tirbandliklarning oldini olish, sohaga innovatsion texnologiyalarni joriy etish samaralari haqida maʼlumot berdi.
“Radar mms” ilmiy ishlab chiqarish korxonasi” AJ bosh direktori oʻrinbosari Sergey Nefedov esa “Aqlli shahar” loyihasi doirasidagi ishlarga toʻxtalib, bu yoʻnalishda ularda kameralar qatori dronlardan foydalanish yoʻlga qoʻyilganligi yoʻl-harakatini tartibga solish, tirbandliklarning oldini olish hamda jinoyatchilikning kamayishiga hissa qoʻshayotganligini bildirdi.
Uchrashuvda qurilish va kommunal xoʻjalikda qoʻllanilayotgan yangi texnika va texnologiyalar borasida ham fikr almashildi, deb xabar beradi Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmati.