Jumladan, shu kungacha boshqarma, tuman va shahar adliya boʻlimlariga 4 ming 335 ta ariza kelib tushgan boʻlib, jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan yoʻllangan murojaatlarning 3 ming 829 tasi koʻrib chiqildi. Ularning 2 ming 846 tasi qanoatlantirilgan boʻlsa, 983 ta fuqaroning murojaatiga huquqiy tushuntirish berilgan.
Bekobod shahar adliya boʻlimiga 2 guruh nogironi I.Mahmudov murojaat qilib, mehnat daftarchasida yozilgan ish davrlarini mehnat stajiga qoʻshib berishda amaliy yordam koʻrsatishni soʻragan. Mazkur murojaat mutaxassislar tomonidan oʻrganib chiqilib, fuqaro manfaatida yuzasidan Nurafshon tumanlararo maʻmuriy sudiga shikoyat tartibida ariza kiritildi. Sud qarori bilan I.Mahmudovning ish stajlarini hisobga olish majburiyati pensiya jamgʻarmasi Bekobod shahar boʻlimi zimmasiga yuklatildi.
Fuqaro T.Rahimjanovning 3,6 mlrd. soʻm kompensatsiya puli undirish boʻyicha qilgan murojaati Adliya boshqarmasi tomonidan koʻrib chiqildi va Fuqarolik ishlari boʻyicha Zangiota tumanlararo sudiga daʻvo arizasi kiritildi. Natijada daʻvo arizasi sud tomonidan qanoatlantirilib, fuqaro foydasiga hal qiluv qarori qabul qilindi.
Shuningdek, fuqaro Z.Usmonova va boshqalarning Oʻrta Chirchiq tuman xalq taʻlimi boʻlimi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 19-may kuni eʻlon qilingan “Oʻzbekiston Respublikasida xorijiy tillarni oʻrganishni ommalashtirish faoliyatini sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Qarori boʻyicha S1 darajadagi xalqaro sertifikatiga ega boʻlgan oʻqituvchilarga ustama pullari toʻlanmayotganligidan norozi boʻlib viloyat adliya boshqarmasiga yoʻllagan murojaati oʻrganib chiqildi. Natijada jami 114,4 mln. soʻm miqdoridagi ustama pullarini undirish boʻyicha Fuqarolik ishlari boʻyicha Oʻrta Chirchiq tumanlararo sudiga ariza kiritildi. Natijada oʻqituvchilarga ustama pullari undirib berilishi taʻminlandi.
Qaysi bir idora yoki tashkilotga yoʻllangan har bir murojaat ortida inson taqdiri, uning tashvishi bor. Fuqarolarning murojaatini oʻz vaqtida oʻrganib, muammosini hal etish, ularga amaliy yordam koʻrsatish esa inson qadrini yana bir pogʻona yuksakka koʻtaradi.
Xurshid Pirnazarov,
Toshkent viloyati adliya boshqarmasi
masʻul xodimi