Taʼkidlanishicha, Oʻzbekiston Respublikasining Byudjet kodeksi va “Mahalliy davlat hokimiyati toʻgʻrisida”gi Qonunining 6, 25-moddalariga asosan, shuningdek, Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 29-apreldagi “Davlat boshqaruvi va mahalliy davlat hokimiyati organlarida xizmat avtotransport vositalaridan foydalanish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 258-son qaroriga muvofiq viloyat mahalliy byudjetining 2021-yil II chorak yakuni bilan shakllangan daromadlar rejasining orttirib bajarilgan qismi hisobidan viloyat hokimligi tomonidan bir dona “Chevrolet Malibu” hamda “Tracker” rusumli xizmat avtotransport vositalarini xarid qilish bilan bogʻliq xarajatlarni qoplash uchun 610 million soʻm ajratildi. Bu haqda Toshkent viloyati hokimining joriy yil 26-avgustda tegishli farmoyishi qabul qilingan.

Maʼlumot oʻrnida aytish mumkinki, bugungi kunda Toshkent viloyati hokimligi uchun Vazirlar Mahkamasining qarorlari asosida 18 ta xizmat avtotransportlari ajratilgan. Viloyat nisbatan katta va uning salmoqli qismi togʻli hududlardan iborat boʻlgani uchun mavjud avtotransport vositalarining 5 tasi muddatidan oldin texnik nosoz holga kelgan. Ularning xizmatga yaroqsizligi boʻyicha tegishli tartibda dalolatnomalar tuzilgan.

Yuqoridagilardan kelib chiqib, viloyat hokimi oʻrinbosarlarining ish faoliyati samaradorligini oshirish, bevosita hududlarga chiqish bilan bogʻliq ishlarni unumli tashkillashtirish maqsadida, 369 million soʻmlik 1 dona “Chevrolet Malibu” hamda 232 million soʻmlik 1 dona “Tracker” xarid qilish boʻyicha 6-sentyabr kuni tegishli shartnomalar imzolangan.