Toshkent viloyati va Shinjon-Uygʻur avtonom rayoni oʻrtasida biznes-forum oʻtkaziladi

    Biznes 9 Sentabr 2024 534

    Toshkent viloyat hokimi Zoyir Mirzayev Shinjon-Uygʻur avtonom rayonining Savdo sanoat palatasi rahbari hamda Xitoyning bir qator yirik kompaniya vakillari bilan uchrashuv oʻtkazdi.

    Dastlab mehmonlar viloyatda qulay sarmoyaviy muhit yaratilgani, turizm, qurilish, kommunal, energetika, yengil sanoat, kimyo hamda boshqa sohalardagi rivojlanishlar bilan tanishtirildi.

    Oʻz navbatida Shinjon-Uygʻur avtonom rayonining Savdo sanoat palatasi rahbari ham viloyat hududida bir qator yirik loyihalarni amalga oshirishni reja qilinganini taʼkidladi. Xususan, joriy yil yil yakunida ikki tomon oʻrtasida oʻzaro biznes-forum oʻtkazishga kelishildi.

    Shu bilan birga Xitoyning bir qator kompaniya vakillari ham oʻzlarining Toshkent viloyatida misni qayta ishlash, zargarlik, qurilish materiallari, qishloq xoʻjaligi sohalari va tibbiyot asbob-uskunalarini ishlab chiqarish loyihalarini amalga oshirish istaklari borligini bildirib, loyihalari taqdimotini oʻtkazdi.

    Zoyir Mirzayev mazkur takliflarni qoʻllab-quvvatlab, har tomonlama yordam koʻrsatishga tayyorligini bildirdi.

    Uchrashuv yakunida tomonlar amaliy hamkorlik yoʻnalishlarini yana koʻrib chiqishga kelishib oldilar, deb xabar beradi Toshkent viloyat hokimligi matbuot xizmati.