Xususan, “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturini shakllantirish jarayonida asosiy eʼtibor 133 ta sharoiti ogʻir mahallalarga qaratildi. Oʻrganilib, ulardan 44 tasi dasturga kiritilgan boʻlib, jami qiymati 243 milliard soʻm mablagʻlar yoʻnaltirish rejalashtirildi.
Tasdiqlangan “Obod qishloq” va “Obod mahalla dasturi hamda qoʻshimcha dasturlarni amalga oshirishga jami 1 trillion 667 milliard soʻm mablagʻ moliyalashtirildi. Shundan respublika byudjeti mablagʻlaridan 86,6 milliard soʻm (shundan 26 milliard soʻm mablagʻ jamgʻarmaga kelib tushgan), mahalliy byudjetdan 86,6 milliard soʻm, tarmoq korxonalari hisobidan — 9,5 milliard soʻm, tashabbuskor tadbirkor va homiylar mablagʻdan 54,3 milliard soʻm, tijorat bank kreditlari mablagʻ hisobidan 132 million soʻm, shuningdek, yakka tartibdagi uy-joylarni qurish dasturi doirasida 108 milliard soʻm mablagʻlar yoʻnaltirilishi koʻzda tutilgan.
Hudud aholisining turmush darajasini yaxshilash, ularning doimiy daromad manbalarini yaratish, qishloqlar (mahallalar)ning arxitektura qiyofasini yangilash va hududlarini obodonlashtirish boʻyicha joriy yilda dastur doirasida 344,3 kilometr yoʻllar taʼmirlanadi. Ichimlik suvi va oqova suv tarmoqlari, elektr, gaz taʼminotini yaxshilash maqsadida 300 milliarddan ziyod mablagʻlar yoʻnaltirilmoqda. Ijtimoiy soha infratuzilmasini yaxshilash doirasida 76 ta bogʻcha, 106 ta maktab va 19 ta tibbiyot muassasasi quriladi va taʼmirlanadi. 482,1 milliard soʻm mablagʻ ajratilishi reja qilingan.
Bundan tashqari, viloyatda joriy yilda 24 ta mahalla binosi, 2 ta mahalla guzari hamda 11 ta madaniyat markazi qurilish va taʼmirlanish ishlari boshlab yuborildi.
Qayd etilishicha, dastur doirasida transport sohasida, tuman markazlari va shaharlarning arxitektura qiyofasini yaxshilash, yakka tartibdagi va koʻp xonadonli uy-joylarni taʼmirlash, obodonlashtirish, shu bilan birga hududdagi “Turizm qishlogʻi” hamda “Turizm mahallasi”, savdo, xizmat koʻrsatish va boshqa bozor infratuzilmasini, hududlardagi kichik sanoat zonalari faoliyatini rivojlantirish boʻyicha mablagʻlar ajratilishi ham koʻzda tutilgan.
Joriy yilda “Obod mahalla” va “Obod qishloq” dasturiga kiritilgan mahallalar roʻyxati shakllantirilgan, deb xabar beradi Toshkent viloyati hokimligi matbuot xizmati.