Yoʻl-transport hodisalarining oldini olish borasida amalga oshirilayotgan ishlar samaradorligini oshirish, transport va piyodalar, jumladan, bolalar ishtirokidagi YTHlarning oldini olish borasida aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish chora-tadbirlarini koʻrish, transport vositalarining texnik tayyorgarligini yaxshilash va ushbu masalalarga keng jamoatchilikning, turli tashkilot va muassasalar rahbarlarining hamda ommaviy axborot vositalarining eʼtiborini qaratish mazkur oylikning asosiy vazifalari etib belgilandi.
Tadbir davomida maxsus guruhlar tashkil etilib, ular tomonidan qoidabuzarliklarni aniqlash, ularning oldini olish borasida amalga oshirilayotgan ishlar samaradorligini oshirish maqsadida maxsus reydlar oʻtkaziladi. Aniqlangan qoidabuzarliklar mehnat jamoalarida, mahallalarda jamoatchilik oʻrtasida muhokama qilinib, ularni qayta sodir etilmaslik choralari koʻriladi.
Oylik doirasida bu ishlarga keng jamoatchilikni jalb etish orqali taʼsir choralarini kuchaytirish rejalashtirilgan. Shunday ekan, har bir harakat ishtirokchisi oʻzining va oʻzgalarning xavfsizligini taʼminlashga masʼul ekanligini unutmasligi lozim, deb xabar beradi Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Yoʻl harakati xavfsizligi Bosh boshqarmasi matbuot xizmati.