Toshkent viloyatida 2 yoshli bogʻcha tarbiyalanuvchisi kaltaklandi

    Bolalar ombudsmani holatni nazoratga olib, rasmiy surishtiruv boshlanganini bildirdi.

    Toshkent viloyatining Olmaliq shahrida joylashgan nodavlat oilaviy bogʻchada roʻy bergan shafqatsizlik holati jamoatchilikni junbishga keltirdi. Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videolarda 2 yoshli qizcha — voyaga yetmagan O.M. (2023-yilda tugʻilgan) tarbiyachi tomonidan kaltaklangani aks etgan.

    Bolalar ombudsmani holatni nazoratga olib, rasmiy surishtiruv boshlanganini bildirdi.

    Aniqlangan maʼlumotlarga koʻra, 2025-yil 16-iyul kuni mazkur qizaloq bogʻcha tarbiyachisi Q.G. tomonidan urilgan. Bola chap yuz qismidan jarohat olgan.
    Olmaliq shahar IIB hozirda tergovga qadar surishtiruv ishlarini olib bormoqda. Shuningdek, bolaga yetkazilgan tan jarohati yuzasidan sud-tibbiy ekspertiza tayinlangan.

    Ombudsman ushbu ish boʻyicha oʻz kuzatuvini davom ettirib, bola manfaatiga zid harakatlar yuzasidan qonuniy choralar koʻrilishini va bu borada qoʻshimcha axborot berilishini maʼlum qildi.

    Jamoatchilik esa bolalar xavfsizligi masalasida qatʼiy nazoratni va masʼullar javobgarligini taʼminlashni talab qilmoqda.