“Oʻzboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalariga hamda ularda qurilgan binolar va inshootlarga boʻlgan huquqlarni eʼtirof etish toʻgʻrisida”gi qonun 2024-yil 8-noyabrda kuchga kirgan.

Adliya vazirligi mazkur qonun normalarini mutasaddilarga, aholiga yetkazish boʻyicha izchil ishlarni amalga oshirdi. Qonun ijrosi bilan bogʻliq masalalarda ham adliya organlari xodimlari koʻmakchi boʻlmoqda.

Bugun Xalq deputatlari Toshkent viloyati kengashining qarori bilan 69 nafar fuqaroning yakka tartibdagi uy-joylariga va ular joylashgan yer uchastkalariga nisbatan egalik huquqlari eʼtirof etildi.

Endilikda mazkur hujjat egalik huquqi uchun asos boʻlib, kelgusida yashash joyiga doimiy roʻyxatga qoʻyish, meros va boshqa notarial xatti-harakatlarni amalga oshirish imkoniyatini yaratadi.