Bolalar ombudsmani maʼlum qilishicha, shu yilning 30-iyun kuni 7 yoshli bola onasi va oʻgay otasi unga qoʻpol muomila qilishi va kaltaklagani tufayli yarim tunda uyidan qochib chiqib ketib, qoʻshni dala hovli darvozasini taqillatgan va yordam soʻragan.
Bolalar ombudsmani soʻrovi asosida ushbu hudud “Inson” ijtimoiy xizmati markazi tomonidan holat zudlik bilan oʻrganildi.
Voyaga yetmagan G.I.ning onasi G.K (1995-yilda tugʻilgan ayol) bilan suhbatlashilib, vaziyat yuzasidan zarur choralar koʻrildi.
G.I.ning onasi farzandini tarbiyalash borasidagi majburiyatini bajarmaganligi uchun MJTK ning 47-moddasi 1-qismi bilan maʼmuriy javobgarlikka tortildi.
Shuningdek, onaga va oʻgay otaga “Bolalarni zoʻravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish” toʻgʻrisidagi Qonun doirasida bola davlat himoyasida ekanligi tushuntirilib, unga nisbatan qilingan har bir nojoʻya harakat javobgarlikka olib kelishi toʻgʻrisida ogohlantirildi.
Mazkur oilaga oid ijtimoiy keys ochilib, bolani himoyalash choralari koʻrilmoqda.








