Poytaxtimizdagi “Hyatt Regency” mehmonxonasida “O'zsuvta'minot” AJ va Birlashgan Arab Amirliklarining “Abu Dhabi Sewerage Services” (ADSSC) kompaniyasi o'rtasida o'zaro hamkorlik to'g'risida memorandumni imzolash marosimi bo'lib o'tdi.
Unga ko'ra, “Toshkent shahrining oqova suv tizimini yaxshilash” loyihasini amalga oshirish ko'zda tutilgan bo'lib, loyiha doirasida Toshkent viloyatining Quyi Chirchiq tumani “Surum” MFY hududida kunlik quvvati 1 million metr kubdan ziyod bo'lgan zamonaviy oqova suv tozalash inshooti quriladi.
Bu 3-oqova suv nasos stantsiyasi “Bektemir” va “Binokor” oqova suv tozalash inshootlariga kelayotgan oqova suvlarni o'zi oqar tarzda inshootga qabul qilish imkoniyatini beradi. Buning natijasida sutkasiga jami 55,4 kVt elektr energiyasi tejalishiga erishiladi.
Yangi oqova suv inshootining birinchi bosqichi yakunlanganidan so'ng, Sergeli, Bektemir va Yangihayot tumanlaridagi 400 mingdan ortiq aholi, korxona va tashkilotlar markazlashgan oqova suv xizmati bilan qamrab olinadi. E'tiborlisi, loyihaning amalga oshirilishi ushbu tumanlardagi sanitariya-epidemiologik hamda ekologik holat yanada yaxshilanishiga ham olib keladi.
Ma'lumot uchun, “Abu Dhabi Sewerage Services” kompaniyasi 2005-yilda Abu-Dabi amirligidagi barcha turar joy va aholi punktlaridan oqova suvlarni yig'ish va tozalash, shuningdek, xo'jaliklarning qattiq va suyuq maishiy chiqindilarini xavfsiz utilizatsiya qilish maqsadida tashkil etilgan.
ADSSC 2010-yilda “ISO 9001”, “ISO 14001 va “OHSAS 18001” xalqaro sertifikatlarini olgan.