Toshkent viloyatida bir oilani oʻldirib, yoqib yuborgan erkak umrbodga qamaldi

    Tayinlangan jazoni maxsus tartibli koloniyalarda oʻtash belgilandi.

    Bugun Toshkent viloyat sudida Z. S.ga (erkak, 1995-yilda Namangan viloyatida tugʻilgan) oid jinoyat ishini birinchi instansiyasida koʻrib chiqish boʻyicha sud jarayoni yakunlanib, sud hukmi eʼlon qilindi.

    Ushbu jinoyat ishi Toshkent viloyat sudining jinoyat ishlari boʻyicha sudyasi B. Roziqov raisligida Jinoyat-protsessual kodeksining 19-moddasi talablariga muvofiq yopiq sud majlisida koʻrib chiqildi.

    Eʼlon qilingan sud hukmiga muvofiq Z. S. Jinoyat kodeksining 97-moddasi 2-qismi «a«, «v«, «j«, «z«, «i« bandlari, 118-moddasi 1-qismi, 134-moddasi, 164-moddasi 3-qismi «v«, «g« bandlari va 173-moddasi 2-qismi «b« bandida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topilib, unga Jinoyat kodeksining 59-moddasi tartibida umrbod ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Tayinlangan jazoni maxsus tartibli koloniyalarda oʻtash belgilandi.

    Birinchi instansiya sudining hukmi ustidan taraflar qonunda belgilangan tartib va muddatda Toshkent viloyat sudining jinoyat ishlari boʻyicha sudlov hayʼatiga apellyatsiya yoki kassatsiya tartibida shikoyat berish va protest keltirishga haqliligi maʼlum qilinadi.