Qayd etilishicha, tarmoqlarda tarqalgan holat Toshkent viloyatining Nurafshon shahridagi oilaviy nodavlat maktabgacha taʼlim tashkilotida 2-aprel kuni sodir boʻlgan va shu kunning oʻzida shahar Maktabgacha va maktab taʼlimi boʻlimi tomonidan masʼullardan iborat ishchi guruh tuzilib, muassasada oʻrganish ishlari olib borilgan.

Oʻrganish natijalariga koʻra, muassasada sentyabr oyidan beri rasmiy faoliyat olib borayotgan tarbiyachi M.M bolalar bilan olib borayotgan mashgʻulot jarayonida ularga nisbatan juda qoʻpol munosabatda boʻlgan. Holatni tashkilot rahbari Nasiba Isayeva mashgʻulotlar jarayoni tugagach xonada oʻrnatilgan videokuzatuv kameralarida koʻrgan va videoni xodimlar guruhiga tashlab, muhokama qilgandan soʻng, Nasiba Isayeva 3-aprel kuni tarbiyachi M.M bilan tuzgan shartnomani bekor qilib, uni ishdan chetlatgan.

Shuningdek, ishchi guruh masʼullari muassasada tarbiyalanayotgan bolalar holatini ham oʻrgangan. Ota-onalar bilan suhbatlashilgan. Bolalarga shikast yetmagani aniqlangan va tashkilot xodimlariga tushuntirish ishlari olib borilgan.

Ayni paytda holat boʻyicha shahar IIB tomonidan surishtiruv ishlari ham olib borilmoqda.