Bojxona xodimlari Chegara qoʻshinlari bilan hamkorlikda toʻxtatgan mashina orqa oʻrindigʻi ostidagi buyumlar idishidan 11 dona 10 millimetrli travmatik toʻpponcha patronlari topilgan.
Tekshiruv jarayonida haydovchi oʻq-dorilar haqida ogʻzaki soʻrovda ham, deklaratsiyada ham maʼlumot bermagani aniqlandi. Topilgan patronlar qonuniy ruxsatsiz olib kirilganligi sababli, ular darhol musodara qilindi.
Mazkur holat yuzasidan hozirda tergovga qadar tekshiruv ishlari olib borilmoqda. Mutasaddilar ushbu fakt boʻyicha barcha qonuniy choralar koʻrilishini maʼlum qildi.
Qonunchilikka muvofiq, Oʻzbekistonga fuqaroviy yoki xizmat quroli va uning oʻq-dorilarini faqat tegishli organlar ruxsatnomasi bilan olib kirish yoki olib chiqish mumkin. Ushbu tartibni buzgan shaxslar qonun oldida javobgarlikka tortiladi.