Toshkent viloyatida Koreya Respublikasi universitetining filiali ochiladi

    Talabalar uchun Koreya Respublikasi “Hwashin Cyber” universitetida o'qish imkoniyati yaratib beriladi.

    Avvalroq, Toshkent viloyati hokimi Davron Hidoyatov Janubiy koreyalik mehmonlar bilan uchrashuv tashkil etib, unda Koreya Respublikasi “Hwashin Cyber” universitetining MDH davlatlari bo'yicha bosh mutaxassisi Kim Sunggi bilan muloqot olib borgan edi. Mazkur uchrashuvdagi kelishuvga ko'ra, Toshkent viloyatida Koreya Respublikasi universitetining filialini ochish yuzasidan memorandum imzolandi, deb yozildi viloyat hokimligi axborot xizmati xabarida.

    Muloqotda “Hwashin Korea” akademiyasi direktori G'ayrat Qodirov mazkur loyihaning kelgusidagi natijalari, manfaatli jihatlari haqida ma'lumot berdi. Ta'kidlanishicha, “Hwashin Cyber” akademiyasini tashkil etish uchun 15 mln. AQSH dollariga teng bo'lgan investitsiya mablag'lari jalb etiladi.

    Akademiyada “Tibbiyot”, “IT”, “Qishloq xo'jaligi” kabi o'nga yaqin mutaxassisliklar bo'yicha malakali xorijiy professor-o'qituvchilar faoliyat olib borishi hamda qo'shni mamlakatlardan kelib, tahsil olish istagi bo'lgan yoshlar uchun ham zarur imkoniyatlar yaratilishi ko'zda tutilmoqda.

    Uchrashuvda “Hwashin Cyber” akademiyasida tahsil oladigan talabalar uchun Koreya Respublikasi “Hwashin Cyber” universitetida o'qish imkoniyati yaratib berilishi, bino atrofida talabalar turar joylari, maktabgacha ta'lim tashkiloti, maktab, kutubxona, madaniyat saroyi, sport zallar qurish ishlari bosqichma-bosqich amalga oshirilishi aytib o'tildi.

    Uchrashuv yakunida viloyat hokimi Davron Hidoyatov bu kabi tashabbuslarni doimo qo'llab-quvvatlashga tayyor ekanligini alohida ta'kidladi, deb xabar beradi Toshkent viloyat hokimligi matbuot xizmati.