Xususan, bu borada tizimli tadbirlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, er-suv resurslaridan samarali foydalanish, resurstejamkor texnologiyalar joriy qilinishini moliyaviy qo'llab-quvvatlash, investitsiyalarni jalb qilish uchun shaffof muhit yaratish, klasterlar va kooperatsiya tuzilmalarini rivojlantirish bo'yicha qabul qilingan hujjatlar shular jumlasidandir.

Bu borada Toshkent viloyatida ham ko'plab chora-tadbirlar olib borilmoqda. Jumladan,  joriy yilning sentyabr – oktyabr oylarida Ishchi guruh tomonidan viloyatning 15 ta tumanida qishloq xo'jaligi sohasida qo'shimcha imkoniyatlardan samarali foydalanishning joriy  holati o'rganildi.

O'rganish davomida aniqlangan kamchiliklarning aksariyati joyida hal etilib, mavjud imkoniyatlardan  unumli foydalanish yuzasidan 40 dan ortiq  takliflar tayyorlangan. 

Unda yer va suv resurslaridan samarali foydalanish, zamonaviy bog' va tokzorlarni barpo etish hamda intensiv sabzavotchilikni yo'lga qo'yish orqali hosildorlikni oshirish, ichki bozor talabini qondirish hamda eksport salohiyatini oshirishga qaratilgan rejalar ustuvor yo'nalish sifatida belgilab olingan.

Ma'lumot uchun aytish joizki, 2021-yilda viloyatda tayyorlangan  qishloq xo'jaligi mahsulotlarining mamlakat agrar sektoridagi ulushi 9,9 foizni (qiymati 24 trln 596 mlrd so'm) tashkil etgan.

Viloyatning Ohangaron, Toshkent, Zangiota, Parkent, Yangiyo'l, Qibray tumanlari intensiv usulda kartoshka, poliz va sabzavotchilikka, Bo'stonliq, Yangiyo'l, Ohangaron, Parkent, Bo'ka, Bekobod, Chinoz hamda Oqqo'rg'on meva, don va dukkakli ekinlarga, Parkent, Qibray va Piskent uzumchilikka, O'rta Chirchiq, Toshkent va Bo'stonliq tumani kartoshkachilikka ixtisoslashmoqda.

Shuningdek, Ohangaron davlat o'rmon xo'jaligining 20 ming gektar yaylov yerlari tuman zaxirasiga qaytarilmoqda.

2023-2025 yillarda qishloq xo'jaligini rivojlantirish bo'yicha chora-tadbirlarga muvofiq, 441 mlrd so'm va 4 mln dollarlik  25 ta loyiha nazarda tutilgan bo'lib, 68 ming gektar maydonda suv ta'minotini yaxshilash, 24 ming 798 ta yangi ish o'rinlarini yaratish rejalashtirilgan.

Shuningdek, Bekobodda 1 800 gektar, Bo'kada 2500 gektar, Bo'stonliqda 1 600 gektar, Chinozda 1 800, Toshkent tumanida 1 300 gektar, Qibrayda 3 500 gektar yerning  suv ta'minoti yaxshilanadi.

Ohangaron tumanida 45 ming gektar maydonni qishloq xo'jaligi oborotiga kiritish uchun  amaliy ishlar olib borilmoqda.

Sinov tariqasida “Toshtepa” suv ombori qurilishi davlat-xususiy sheriklik asosida tadbirkorlar bilan to'g'ridan-to'g'ri shartnoma tuzish orqali amalga oshiriladi.

Loyihaning dastlabki qiymati – 16 mln dollarni tashkil etmoqda.

“Toshtepa” suv omboriga tutash hududlarda suv tejovchi texnologiyalarni joriy etish hisobiga 5 ming gektar, 20 dona nasos o'rnatish va 78 dona tik quduq qurish orqali 7,5 ming gektar, irrigatsiya tarmoqlarini tiklash va qurish hisobiga 2,5 ming gektar, jami 15 ming gektar maydonda suv ta'minoti yaxshilanib, foydalanishga kiritiladi.

Ohangaron tumani lalmi dehqonchilik hududlarida yer osti suvlaridan foydalangan holda suv tejamkor Isroil texnologiyasi asosida eksportbop mahsulot beruvchi zamonaviy uzum plantatsiyalari barpo qilinadi.

Yaylov o'simliklari urug'chiligini yo'lga qo'yish, suv kam talab qiladigan g'alla, moyli, dukkakli va ozuqa ekinlari etishtirish hamda dorivor o'simliklar plantatsiyalarini tashkil etish hisobiga 30 ming gektarda chorvachilik va dorivor o'simliklar yetishtirish loyihalari amalga oshiriladi.

Bu haqda O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 1-dekabrdagi 435-sonli qarori ijrosini ta'minlash hamda viloyatda qulay agrobiznes muhitini yaratishni tashkil etish, er va suv resurslaridan samarali foydalanish maqsadida Toshkent viloyati hokimi Zoyir Mirzayev tomonidan tegishli hujjat imzolangan.