Bu borada Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 31-dekabrda “Toshkent viloyatida turizm sohasini jadal rivojlantirish to‘g‘risida”gi qarori qabul qilingan. Unda “Oltin halqa” turizm konsepsiyasi bo‘yicha belgilangan chora-tadbirlar dasturi tasdiqlangan. Mazkur dastur talablari doirasida Toshkent viloyatining Bo’stonliq, Ohangaron, Parkent, Bo‘ka, Chinoz, Zangiota tumanlari hamda Angren shahrini rivojlantirish belgilangan bo‘lib, uning ijrosi yuzasidan keng ko‘lamli ishlar olib borildi.

Xususan, Ohangaron tumanini kompleks rivojlantirish rejasiga ko‘ra, tumanning Ovjazsoy hamda Ertoshsoy qishloqlarida sayyohlarning oqimi yuqoriligini inobatga olib, oilaviy mehmon uylarining soni ko‘paytirildi.

Gastronomik turizm bo‘yicha peshqadam Chinoz, Bo‘ka tumanlariga ham tashrif buyuruvchilarning eʼtibori yuqori bo‘lganligi bois ushbu yo‘nalishni yanada rivojlantirish borasida qator chora-tadbirlar dasturi ishlab chiqilgan.

Jumladan, Parkent tumani Kumushkon turizm qishlog‘iga “Turizm qishlog‘i” maqomi berilganligi “Oltin halqa” konsepsiyasi doirasida amalga oshirildi hamda bugungi kunda so‘lim tabiati, go‘zal manzarasi bilan mashhur Kumushkonga tashrif buyuruvchilar soni tobora ortib borayotganligini alohida taʼkidlash joiz.

Toshkent viloyati avliyolar, piru komillar yashab o‘tgan, ularning izlari  yetgan hududlardan hisoblanadi. Viloyatda Ziyorat turizmiga katta eʼtibor qaratilmoqda. “Oltin halqa”ga kiritilgan “Zangi ota” ziyoratgohiga tashrif buyuruvchi  sayyohlarning ko‘pligi shular jumlasidandir.

Viloyatning turizm salohiyatini yanada rivojlantirish, sayyohlar uchun qulay shart-sharoitlar yaratish orqali turistlar tashrifi davomiyligini ta’minlash, “Oltin halqa”ga kiruvchi tuman-shaharlarda turizm infratuzilmasini jadal rivojlantirish maqsadida tadbirkorlarni jalb etish Toshkent viloyatining turizm istiqboliga ijobiy taʼsir ko‘rsatadi.