Uchrashuvda vakolatxona faoliyatini samarali yoʻlga qoʻyish orqali ikki tomonlama savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish, qishloq xoʻjaligi, ishlab chiqarish, taʼlim va metallurgiya sanoati yoʻnalishlarida amaliy natijalarga erishish masalalari muhokama qilindi.
Rossiyaning Penza viloyati sanoat, ishlab chiqarish va metallurgiya sohalari rivojlangan hududlardan biri ekani taʼkidlandi.
Shu yoʻnalishlarda qator qoʻshma loyihalar — mebelchilik sohasida mahalliy ishlab chiqaruvchilar oʻrtasida hamkorlikni yoʻlga qoʻyish, temiryoʻllar va strategik ahamiyatga ega obyektlar uchun shlagbaumlar ishlab chiqarish, yonilgʻi va maxsus suyuqliklarni tashishga moʻljallangan sigʻimli idishlar ishlab chiqarish masalalari koʻrib chiqildi.
Shu bilan birga, Penza viloyatiga qishloq xoʻjaligi va sanoat mahsulotlari eksport hajmini oshirish hamda IT sohasida malakali mutaxassislar tayyorlash yoʻnalishida hamkorlik istiqbollari belgilab olindi.
Joriy yil sentyabr oyida Toshkent viloyati talabalari Penza davlat texnologiyalar universitetida malaka oshirishga yuborilishi rejalashtirilgan.
Uchrashuv yakunida tomonlar vakolatxona faoliyatini yanada samarali tashkil etish va aniq hamkorlik tashabbuslarini ishlab chiqish borasida kelishib oldilar. Vladislav Jukov shuningdek, Toshkent viloyati delegatsiyasini rasmiy tashrif bilan Penza viloyatiga taklif etdi.