Toshkent viloyatida sifatsiz dori vositalari va buyumlarining savdosiga chek qoʻyildi

    Xavfsizlik 3 Iyul 2025 542

    Davlat xavfsizlik xizmatining Toshkent viloyati boʻyicha boshqarmasi hamda Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti hamkorligida Zangiota tumanida tezkor tadbir oʻtkazildi.

    Qayd etilishicha, unda Toshkent shahrida yashovchi, 1996-y.t. shaxs sifatini tasdiqlovchi hujjatlari boʻlmagan 9500 dona “Menavazin”, 1300 dona “Glitserin” va 2000 dona “Metralin” dori vositalari hamda infuzion eritmalar quyish uchun moʻljallangan 56880 dona sistema tibbiy buyumlarini jami 9700 AQSH dollari va 2 mln 550 ming soʻmga sotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

    Tekshiruv davomida “Glitserin” suyuqligi qoʻlbola usulda tayyorlanib, qadoqlanganligi maʼlum boʻldi.

    Sogʻliqni saqlash vazirligi huzuridagi “Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi” Davlat markazining tegishli xulosasiga koʻra, mazkur tibbiy dori vositalari va buyumlarini respublika hududida sotish, tashish va amaliyotda qoʻllash taqiqlanadi.

    Holat yuzasidan mazkur fuqaroga nisbatan Jinoyat Kodeksining 1863-moddasi 2-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, qamoq ehtiyot chorasi qoʻllanildi. Tergov harakatlari olib borilmoqda.