Toshkent viloyatida togʻda jarohat olgan fuqaro qutqarildi

    Favqulodda vaziyatlar vazirligi qutqaruvchilari togʻda jarohat olgan fuqaroga amaliy yordam koʻrsatdi.

    Bu haqda Toshkent viloyati FVB matbuot xizmati xabar berdi.

    Qayd etilishicha, shu yilning 8-iyul kuni soat 13:09 da Toshkent viloyati FVBga Boʻstonliq tumani “Burchmulla” mahalla hududidagi “Qulosoy” sharsharasi yaqinida 3 nafar fuqaro sayr qilish maqsadida borib, 1 nafari oʻz ehtiyotsizligi oqibatida chap oyogʻidan jarohat olganligi va yordam zarurligi toʻgʻrisida xabar kelib tushgan.

    Xabarga asosan, Chimyon yongʻin-qutqaruv otryadi va Boʻstonliq tumani FV boʻlimidan bir guruh qutqaruvchilar aytilgan manzilga yetib borib, jarohat olgan fuqaroga birinchi tibbiy yordam koʻrsatgan. Shundan soʻng fuqarolar dengiz sathidan 1800 metr balandlikdan xavfsiz hududga olib tushilib, jarohat olgan fuqaro tez-tibbiy yordam xodimlariga topshirilgan.

    Fuqaroning umumiy ahvoli yaxshi boʻlganligi sababli, shifokorlar tomonidan yashash uyiga ruxsat berilgan.