Shu yilning 16-iyul kuni 24 yoshli B.O. Toshkent viloyati IIBB “102” raqamiga qoʻngʻiroq qilib amaliy yordam soʻraydi. Gap shundaki, u arizada avtomashinasini nomaʼlum shaxs olib qochib ketganini bildiradi.

B.O. voqeni bayon qilishicha, u 15-iyul kuni soat taxminan 23:30larda boshqaruvidagi “SPARK” rusumli avtomashinada Chirchiq shahar 4-kichik nohiyada joylashgan tanishini yashash xonadoniga keladi. Avtomashinani mazkur uy oldida qoldirib, pult yordamida qulflaydi, soʻng tanishining xonadonida tunab qoladi. Ertasi kuni, soat 05:00larda biladiki, avtoulovini kimdir olib qochib ketgan.

Olib borilgan tergov-tezkor ishlar natijasida, mazkur jinoyatni Yuqorichirchiq tumanida yashovchi, voyaga yetmagan 16 yoshli M.D. (qiz) tomonidan sodir etilgani maʼlum boʻldi.

Qiz avtomashinada Chirchiq shahri tomondan harakatlanib ketayotgan vaqtida svetofor bilan tartibga solingan avtomobil yoʻlida toʻxtab turgan 44 yoshli T.M. ning boshqaruvidagi “Sobalt”ning orqa tomonidan urib yuboradi.

Mazkur holat yuzasidan Chirchiq shahar IIB huzuridagi Tergov boʻlimi tomonidan voyaga yetmagan M.D.ga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksning 267-moddasi 1-qismi (transport vositasini olib qochish) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, protsessual tartibda ushlandi.

Jinoyat ishi doirasida, gumon qilinuvchi qizdan nima sababdan ushbu jinoyatni sodir qilganligi soʻralganida, u Chirchiq shahar 4-kichik nohiyada joylashgan tanishining xonadonida vaqtinchalik yashab kelayotgani va shu kuni uning xonadonga B.O. kelib uxlab qolganidan foydalanib, unga tegishli avtomashinasining pulti va kalitini olib, mazkur avtomashinada doʻkonga borib kelmoqchi boʻlganini aytdi.

Hozirda tergov harakatlari davom etmoqda.

Taʼkidlash joizki, Jinoyat kodeksining normalariga koʻra, jinoyatni sodir etgan shaxs 5 yildan 10 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanishi mumkin, deb xabar beradi  Oʻzbekiston Respublikasi IIV huzuridagi Tergov departamenti.