Toshkent viloyatida yoʻlovchi tashuvchi transport vositalari uchun reyd oʻtkazildi

    Yoʻlovchi tashish, odamlar uzogʻini yaqin qilish sharafli va ayni chogʻda masʼuliyatli ish. Bu faoliyat bilan shugʻullanish esa uning oʻziga xos talablarini bilish va amal qilishni talab qiladi.

    Toʻgʻri, bir qarashda bular unchalik ham murakkab talablar emas. Buning uchun, eng avvalo, transport vositasi texnik jihatdan soz boʻlishi shart. Keyin yoʻnalish egasi – tadbirkordan litsenziya olish, tender gʻolibi boʻlish zarur. Eng muhimi har kuni yoʻnalishga chiqishidan oldin transport vositasini mexanik tekshirishi, haydovchining sogʻligʻini shifokor koʻrikdan oʻtkazishi kerak. Shu talablar bajarilsa yoʻnalishga chiqib, xalqqa xizmat qilish mumkin. Shunda oʻzingiz xotirjam, yoʻlingiz bexavotir boʻladi.

    Toshkent viloyati IIBB YHXB xodimlari masalaning ana shu jihatlarini inobatga olib, 142 ta yoʻlovchi tashuvchi korxonada, 12 ta avtoshohbekat va 22 ta bozor atrofidagi avtoturargohlarda profilaktik suhbatlar oʻtkazdi. YPX inspektorlarining eʼtibori yoʻlovchi tashuvchi transport vositalari haydovchilari tomonidan sodir etilayotgan qoidabuzarliklarni aniqlashga qaratildi.

    Oʻtkazilgan reydlar davomida yoʻlovchi tashuvchi transport vositalari haydovchilari tomonidan sodir etilgan 54 ta qoidabuzarlik aniqlandi. Bular ichida 10 ta tegishli hujjatlari boʻlmagan, 21 ta odam tashish qoidasini buzgan, 1 ta svetoforning qizil chirogʻida harakatlangan, 1 ta YPX xodimining toʻxtash haqidagi qonuniy talabiga boʻysunmagan, 2 ta quvib oʻtish qoidasini buzgan va 20 ta boshqa turdagi qoidabuzarliklar aniqlandi.

    Bundan tashqari Transport vazirligining viloyat boshqarmasi xodimlari bilan oʻtkazilgan reydlarda litsenziya olmasdan yoʻlovchi tashiyotgan 17 ta haydovchi aniqlanib, ularga nisbatan Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning “Avtomobil transportida yoʻlovchilar tashish faoliyati bilan litsenziyasiz shugʻullanish” deb nomlangan 1763-moddasiga nisbatan maʼmuriy bayonnomalar rasmiylashtirildi. Bu moddaga asosan fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining 20a baravaridan 100 baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa 50 baravaridan 150 baravarigacha miqdorda jarima solinadi.

    Toshkent viloyati IIBB YHXB Axborot xizmati