Bu haqda Texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi nazorat inspeksiyasi maʼlum qildi.
Qayd etilishicha, Ohangaron tumanida joylashgan “A.S.” MCHJda davlat nazorati tekshiruvi oʻtkazildi.
Tekshiruv davomida qator qonunbuzarliklar aniqlandi. Xususan, “Sopol gʻisht va toshlar. Texnik shartlar” meʼyoriy hujjati talablariga koʻra, ishlab chiqarilgan mahsulot texnik nazoratdan oʻtkazilib, masʼul shaxs tomonidan qabul qilinishi lozim boʻlsa-da, korxonada gʻisht mahsulotlari nazoratsiz qabul qilingan.
Shuningdek, meʼyoriy hujjat talablariga zid ravishda mahsulotlarning suv singdiruvchanligi, ohak qoʻshimchalari mavjudligi, sovuqqa chidamliligi kabi muhim koʻrsatkichlar boʻyicha davriy sinovlar oʻtkazilmagani aniqlangan.
Bundan tashqari, korxonada meʼyoriy hujjatlar talablariga rioya etilmagan boshqa holatlar ham qayd etilgan. Bu orqali Oʻzbekiston Respublikasining “Standartlashtirish toʻgʻrisida”gi qonuni talablari qoʻpol ravishda buzilgani maʼlum boʻldi.
Aniqlangan huquqbuzarliklar yuzasidan korxonaning mansabdor shaxsiga nisbatan maʼmuriy bayonnoma rasmiylashtirildi. Shuningdek, korxonaga nisbatan moliyaviy jarima qoʻllash boʻyicha hujjatlar tayyorlanib, belgilangan tartibda sud organlariga yuborildi.
Ayni paytda mazkur mahsulotni realizatsiya qilish vaqtincha taqiqlanib, aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish boʻyicha korxonaga tegishli koʻrsatmalar berildi.