Toshkent viloyatidagi ishlab chiqarish korxonasi maʼmuriy-xoʻjalik binosida gaz portladi. Bu haqda FVV matbuot xizmati xabar berdi.
Maʼlum qilinishicha, bugun, 5-dekabr kuni soat 07:46 da Toshkent viloyati, Oʻrtachirchiq tumani, “Kim Pen Xva” MFY, Qutb Yulduzi koʻchasida joylashgan ishlab chiqarish korxonasi maʼmuriy-xoʻjalik binosida gaz-havo aralashmasining chaqnashi sodir boʻlgan. Chaqnash natijasida yongʻin sodir boʻlmagan.
Chaqnash oqibatida 1 nafar fuqaro vafot etgan, 6 nafar fuqaro tan jarohati olib, shifoxonaga yotqizilgan.
Voqea joyiga Favqulodda vaziyatlar vaziri general mayor A.X.Qoʻldoshev yetib bordi va uning rahbarligida vaziyat oqibatlari bartaraf etilmoqda. Shuningdek, hodisa joyiga viloyat FVB rahbariyati, tuman hokimiyati, Prokuratura, IIB, SSB, “Hududgaztaʼminoti” rahbar xodimlari yetib borgan. Ayni vaqtda FVVning yongʻin-qutqaruv ekipajlari voqea joyida amaliy harakatlarni olib bormoqda.
Hozirda mazkur holat yuzasidan dastlabki tergovoldi surishtiruv ishlari olib borilmoqda.