Davlat xavfsizlik xizmati Toshkent viloyati boʻyicha boshqarmasi hamda boshqa huquq-tartibot idoralari hamkorligida oʻtkazilgan tezkor tadbirda Toshkent tumanida faoliyat yurituvchi dorixonalardan biriga tegishli omborxona belgilangan tartibda tekshirildi.

Tekshiruv natijasida omborxonada 1209 turdagi, jami qiymati 38 mlrd soʻmga teng dori vositalari saqlanayotgani aniqlandi. Shundan taxminan 20 mlrd soʻmlik dori vositalari xalqaro GDP (saqlash, olib kelish va realizatsiya qilish) talablariga javob beruvchi sertifikatga ega emasligi hamda Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi qoshidagi Sertifikatlash organidan tegishli litsenziya olmagan holda saqlanayotgani maʼlum boʻldi.

Shuningdek, omborxonada umumiy qiymati 263 mln 921 ming soʻmni tashkil etuvchi 30 turdagi 10 509 quti dori vositalarining yaroqlilik muddati oʻtgani, 3 turdagi 639 quti dori vositalari hamda 243 dona gel vositalarining yaroqlilik muddatlari qalbakilashtirilgani aniqlandi.

“Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi” davlat muassasasi xulosasiga koʻra, dorixona mansabdor shaxslari tomonidan dori vositalari litsenziyada koʻrsatilgan binodan tashqarida saqlangan.

Bundan tashqari, 10 turdagi dori vositalari uchun muvofiqlik sertifikatlari rasmiylashtirilmagan, 1 turdagi dori vositasi kontrafakt tarzda tayyorlangan, 9 turdagi dori vositalari davlat roʻyxatidan oʻtkazilmagan hamda 20 turdagi yaroqlilik muddati tugagan dori vositalari belgilangan tartibda yoʻq qilinmasdan saqlanayotgani maʼlum boʻldi.

Shu sababli mazkur dori vositalarini Oʻzbekiston Respublikasi hududida saqlash, sotish, tashish va tibbiyot amaliyotida qoʻllash taqiqlandi.

Ayni paytda dorixona mansabdor shaxslariga nisbatan Jinoyat kodeksining 186³-moddasi 3-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.