Toshkent viloyatining eksportdagi hamkorligi oʻzini oqlayapti(mi)?

    Oʻtgan vaqt davomida investitsiya doirasida amalga oshirilgan 1362 ta sanoat va qishloq xoʻjaligi korxonasining 257 tasi eksportga jalb etilib, ular tomonidan oʻtgan 4 yilda amalga oshirilgan eksport hajmi 967 mln. dollarni tashkil etdi.

    Soʻnggi yillarda respublikada eksport faoliyatini moliyaviy qoʻllab-quvvatlash va qoʻshni davlatlar bilan aloqalarni yaxshilashga qaratilgan choralar natijasida Toshkent viloyatida ham eksport hajmini oshirish uchun qulay imkoniyat yaratilmoqda.

    Raqamlarga eʼtibor qilsangiz, 2017-yilda viloyatda 265 ta korxona tomonidan 39 ta davlatga 158,1 mln. dollarlik eksport amaliyotlari bajarilgan.

    2020-yilga kelib amalga oshirilgan eksport hajmi 639,6 mln. dollarga, eksportyor korxonalar soni 751 taga, mahsulotlar turi esa 582 taga oshgan.

    Oʻz navbatida, 2021-yilning yanvar-avgust oylarida viloyatning jami eksporti hajmi 2020-yilning mos davriga nisbatan 37,7 foizga oʻsgan.

    Misol uchun, etil spirti, maishiy roʻzgʻor buyumlari, turli xildagi koʻzoynaklar, gilamlar, goʻsht mahsulotlari, ayollar va erkaklar oyoq kiyimlari, qurilish materiallari xorijga joʻnatilgan.

    Joriy yilda viloyat eksport geografiyasi yanada kengayib, hududiy eksporterlar tomonidan Janubiy Koreya, Chexiya, Yaponiya, Serbiya, Gretsiya, Misr, Mugʻuliston, Gonkong, Bosniya va Gersogovina, Suriya, Livan, Yaman, Lyuksenburg, Chili, Laos, Norvegiya, Qatar, Shri-Lanka, Portugaliya, Ruminiya, Argentina, Vengriya kabi oʻttizdan ortiq davlatlar bilan hamkorlik yoʻlga qoʻyilgan.

    Oʻtgan vaqt davomida investitsiya doirasida amalga oshirilgan 1362 ta sanoat va qishloq xoʻjaligi korxonasining257 tasi eksportga jalb etilib, ular tomonidan oʻtgan 4 yilda amalga oshirilgan eksport hajmi 967 mln. dollarni tashkil etdi.

    Masalan, birgina 2020-yilda Boʻstonliq tumanidagi “OSBORN TEXTILE” MCHJ Qozogʻiston, Rossiya, Turkiya, Armaniston, Ukraina, Belarusiya, Bolgariya, Vetnam, Gretsiya, Italiya, Koreya, Litva, Maldova, Polsha, Serbiya, Tayvan va Chexiya davlatlariga 56,9 mln. dollarlik tekstil mahsulotlari yetkazib bergan.

    Zangiota tumanidagi “TECHNOLOGIES OF REAL TIME” MCHJ tomonidan esa jahon standartlariga javob beradigan avtomobil ehtiyot qismlari ishlab chiqarilib, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Rossiya, Ukraina, Belarussiya va boshqa davlatlarga 4,6 mln. dollarlik mahsulot sotilgan.

    Yoki qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini eksport qiluvchi Yangiyoʻl tumanidagi “NEW WAY INDUSTRIES” MCHJ dukkakli mahsulotlarni Ozarbayjon Vengriya, Vetnam, Germaniya, Hindiston, Gollandiya davlatlariga 14,2 mln. dollarlik hajmda yetkazib bergan boʻlsa, Boʻka tumanidagi “TNA AGRO INVEST” MCHJ qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini qayta ishlash orqali Afgʻoniston, Belgiya, Germaniya, Qozogʻiston, Pokiston, Rossiya davlatlariga 1,6 mln. dollarlik mahsulotlar eksportini amalga oshirgan.