Bu haqda “Toshket-Aero” ixtisoslashtirilgan bojxona kompleksi axborot xizmati xabar berdi.

Shu yilning 24-avgust kuni soat tungi 02:40 larda “Islom Karimov” nomidagi Toshkent xalqaro aeroporti chegara-bojxona posti xodimlari tomonidan “Dubay-Toshkent” yoʻnalishi boʻyicha uchib kelgan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi tegishli tartibda tekshirildi.

Tekshiruvlar natijasida unga tegishli boʻlgan qoʻl sumkasi ichidan bojxona nazoratiga belgilangan tartibda taqdim etilmagan, deklaratsiyalanmagan, jismoniy shaxslar tomonidan olib kirish meʼyoridan ortiq boʻlgan, qiymati 1 mlrd 540 mln 260 ming soʻmlik 1 dona sariq rangli metalldan yasalgan, oq rangli toshlar bilan bezatilgan “Patek Philippe Geneve” yozuvli qoʻl soati borligi aniqlandi.

Hozirda holat yuzasidan surishtiruv harakatlari olib borilmoqda.

Eslatib oʻtamiz, Jismoniy shaxslarga ogʻirligi 200 grammgacha boʻlgan kumushdan hamda 65 grammgacha boʻlgan oltin va boshqa qimmatbaho metallardan yasalgan tayyor zargarlik buyumlarini yoʻlovchi bojxona deklaratsiyasini toʻldirmasdan, ushbu miqdorlardan ortiq boʻlganlarini yoʻlovchi bojxona deklaratsiyasi asosida Oʻzbekiston bojxona hududidan tashqariga olib chiqishga ruxsat beriladi.

Maʼlumotlarga koʻra, mazkur tartibni buzgan fuqaro Oʻzbekiston Respublikasi Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 227 19-moddasi bilan javobgarlikka tortiladi.