Hodisa joyiga “Toshkent” aeroportining tegishli xizmatlari – Aeroport Yong‘in-qutqaruv xizmati, Parvozlarni elektr-yoritish bilan ta'minlash xizmati va Aviatsiya xavfsizligi xizmati navbatchilik brigadalari zudlik bilan yetib kelishgan.

Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, yong'inga birinchi qavat tagidagi transformator podstansiyasida joylashgan uzluksiz elektr ta’minotining (UPS) qisqa tutashuvi sabab bo‘lgan. Qisqa tutashuv oqibatlarini bartaraf etish hamda voqea joyida ishlayotgan xizmatlar xodimlarining xavfsizligini ta’minlash maqsadida aeroport terminalini ma’lum muddatga elektr energiyasidan uzib qo‘yishga qaror qilingan.

“Yerto'ladan ertalab soat 10.30 atrofida tutun chiqa boshladi. Aeroport xodimlarining tezkorligi va shahardan kelgan o‘t o‘chirish brigadalari ko‘magida yong‘in tezda bartaraf etildi. Soat 10.40da aeroportni vaqtincha elektr ta'minotidan uzishga to'g'ri keldi. Yaxshiyamki, hech kim jabrlanmadi. Bir qator reyslar kechiktirildi. Hozirda aeroportning tegishli xizmatlari hodisa joyida ishlamoqda va qisqa tutashuv sabablarini bartaraf etmoqda”, - deya izoh berdi “Uzbekistan Airports Handling” MChJ direktori Umid Hamraev.

Ayni damda Olmaotaga - KS-128, Nur-Sultonga - HY-721 va Moskvaga - SU-1975 uchayotgan reyslar kechiktirildi. Aeroport xizmatlari havo bandargohini imkon qadar tezroq ochish uchun bor kuchini sarflamoqda. Xozirgi vaqtga kelib, terminalning katta qismida elektr energiyasi tiklangan.

Qayd etish joizki, “Toshkent” aeroportining uchib kelish zali va mahalliy aviaqatnovlar terminali odatdagi rejimda faoliyat olib bormoqda.