“Issiqlik elektr stansiyalari” AJ tomonidan bir qator yirik investitsiya loyihalarini amalga oshirish belgilangan.

Jumladan, Talimarjon IESda jami quvvati 900 MVtga teng boʻlgan ikkita, Navoiy IES da 1300 MVtga teng ikkita bugʻ-gaz qurilmalari hamda Toshkent IEMda har birining quvvati 32 MVtdan boʻlgan ikkita gaz turbina qurilmalarini qurib foydalanishga topshirilishi rejalashtirilgan.

Qolaversa, mavjud elektr stansiyalarining xavfsiz va barqaror ishlashi hamda texnik xizmat koʻrsatish tizimini yaratish, uskunalarni modernizatsiya qilish, zaxira qismlarini yetkazib berish, xizmat koʻrsatuvchi xodimlarining imkoniyatlarini rivojlantirish va shu bilan Oʻzbekistonda elektr energiyasini ishlab chiqarishning yuqori samaradorligi va ishonchliligini oshirish maqsadida ham qator loyihalarni amalga oshirish rejalashtirilgan.

Poytaxtimizda oʻtayotgan investitsiya forumi doirasida Yaponiyaning JICA agentligi bilan ehtiyot qismlarni yetkazib berish va faoliyatdagi zamonaviy bugʻ-gaz qurilmalariga texnik xizmat koʻrsatish boʻyicha 340 million dollar miqdorida kelishuvga erishildi.

Shuningdek, 2022-yil fevral oyida Italiyaning “AC BOILERS S.p.A” kompaniyasi vakillari bilan anʼanaviy issiqlik elektr stansiyalarida barqarorlikni oshirish maqsadida modernizatsiya ishlarini olib borish, amaldagi gaz turbinalari va bugʻ qozonlaridan foydalanishda issiqlik qozonlarining samaradorligini oshirish kabi masalalar boʻyicha muzokaralar oʻtkazilgan edi. Oʻzaro muhokamalar natijasi sifatida forum doirasida “AC BOILERS S.p.A” kompaniyasi bilan “Issiqlik elektr stansiyalari” AJ oʻrtasida tizim korxonalarida “ekologik toza” energiya uskunalarini oʻrnatgan holda quvvatlarni oshirish boʻyicha memorandum imzolandi, deb xabar beradi Energetika vazirligi matbuot xizmati “Issiqlik elektr stansiyalari” AJ maʼlumotiga tayanib.