Milliy kino san’atining asriy an’analarini saqlash va rivojlantirish, ushbu san’at turi orqali mamlakatlar o‘rtasidagi do‘stlik, birodarlik rishtalarini mustahkamlash, xalqaro miqyosda ijodiy hamkorlik ko‘lamini va madaniy aloqalarni kengaytirish hamda ko‘p yillar davomida o‘tkazilib kelingan jahonga mashhur Toshkent xalqaro kinofestivalini qayta tiklash, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 7 apreldagi “Kino san’ati va sanoatini yangi bosqichga olib chiqish, sohani davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash tizimini yanada takomillashtirish to‘g‘risida”gi PF–6202-son Farmoni ijrosini ta’minlash maqsadida:
1. 1968-1997 yillar davomida O‘zbekistonda o‘tkazilib kelingan “Osiyo, Afrika va Lotin Amerikasi mamlakatlarining Toshkent xalqaro kinofestivali” “Ipak yo‘li durdonasi” Toshkent xalqaro kinofestivali nomi bilan qayta tiklansin hamda 2021 yildan boshlab har yili sentyabr-oktyabr oylarida Toshkent shahrida o‘tkazilsin.
2. “Ipak yo‘li durdonasi” Toshkent xalqaro kinofestivalini o‘tkazishning asosiy maqsadlari etib quyidagilar belgilansin:
kino san’ati orqali dunyo mamlakatlari o‘rtasida madaniyatlararo muloqotni yanada mustahkamlash va rivojlantirish, jahon kinoindustriyasi vakillari bilan hamkorlikda qo‘shma kino loyihalari yaratishni kengaytirish;
insonparvarlik va bag‘rikenglik, xalqlar do‘stligini targ‘ib qiluvchi, zamonaviy dunyoning madaniy xilma-xilligini aks ettiruvchi, turli mamlakatlarning eng sara kino san’ati asarlarini yurtimizga jalb qilish;
milliy kino san’atini yanada rivojlantirish va xalqaro hamjamiyatdagi nufuzini oshirish, ushbu san’at turi orqali xalqimizning boy tarixi va betakror madaniyatini dunyoga keng targ‘ib etish;
xorijlik kino san’ati vakillari bilan hamkorlikda ushbu sohada ilmiy-tadqiqot va izlanishlarni amalga oshirish, o‘zaro tajriba almashish, taniqli kino namoyandalari ishtirokida konferensiya, davra suhbatlari, taqdimot va mahorat darslarini tashkil etish.
3. “Ipak yo‘li durdonasi” XIII Toshkent xalqaro kinofestivali (keyingi o‘rinlarda – Kinofestival) 2021 yilning 28 sentyabr – 3 oktyabr kunlari “Tinchlik, taraqqiyot va ma’rifat” shiori ostida o‘tkazilsin.
Kinofestival “Festivallar festivali” shaklida, nufuzli xalqaro kinofestivallarning g‘olib va nominantlari ishtirokida dunyoning eng yaxshi kino san’ati asarlarini jalb qilgan holda tashkil etilsin va uning doirasida quyidagi chora-tadbirlar amalga oshirilsin:
Kinofestival arafasida chet davlatlarda O‘zbek kino san’ati kunlari hamda O‘zbekistonda xorijiy mamlakatlarning kino san’ati kunlarini tashkil etish, ushbu tadbirlarni Toshkent shahri va respublika hududlari bo‘ylab o‘tkazish;
Osiyo qit’asi va qadimiy Ipak yo‘li bo‘ylab joylashgan mamlakatlar yosh kinoijodkorlarining qisqa metrajli filmlari festivalini o‘tkazish va g‘oliblarni taqdirlash, uning doirasida konferensiya, davra suhbati, dunyoga mashhur kinoijodkorlar ishtirokida mahorat saboqlari va treninglar, ijodiy uchrashuvlar tashkil qilish;
xorijlik mehmonlar va ishtirokchilar uchun eng sara milliy filmlarimiz namoyishlari, O‘zbekiston kino san’ati tarixi va madaniy merosiga bag‘ishlangan media tadbirlarni tashkil qilish;
xorijlik hamkorlar va ekspertlar ishtirokida “O‘zbekfilm” kinokonserni”ning kino ishlab chiqarish bo‘yicha xizmat ko‘rsatuvchi markaz sifatidagi zamonaviy moddiy-texnika bazasi, texnologik imkoniyatlari va kelgusi istiqbollariga bag‘ishlangan taqdimotlar o‘tkazish;
xorijlik va mahalliy kinokompaniyalar, kinostudiyalar va telekompaniyalar ishtirokida kinobozor tashkil qilish, ularning filmlar, seriallar va boshqa audiovizual mahsulotlarni o‘zaro almashishi, xarid qilishi va sotishiga ko‘maklashish;
dunyoda kino industriyasi sohasida yaratilgan eng so‘nggi innovatsion loyihalar va yirik striming platformalari vakillari ishtirokida milliy striming platformasi taqdimotlarini o‘tkazish;
mamlakatimiz kinolokatsiyalarini namoyish etish, O‘zbekistonning kino va turizm sohalaridagi salohiyatini targ‘ib qilish hamda bu boradagi keng imkoniyatlardan samarali foydalanishga qaratilgan tadbirlarni o‘tkazish.
4. Quyidagilar:
“Ipak yo‘li durdonasi” Toshkent xalqaro kinofestivaliga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bo‘yicha tashkiliy qo‘mita (keyingi o‘rinlarda – Tashkiliy qo‘mita) tarkibi 1-ilovaga muvofiq;
“Ipak yo‘li durdonasi” XIII Toshkent xalqaro kinofestivaliga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bo‘yicha “yo‘l xaritasi” 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Vazirlar Mahkamasi ikki hafta muddatda “Ipak yo‘li durdonasi” Toshkent xalqaro kinofestivali to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlasin.
5. Tashkiliy qo‘mitaning asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilansin:
rejalashtirilgan tadbirlarni o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirish bo‘yicha mas’ul vazirlik, idora va tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish hamda badiiy-ijodiy guruhlar va xalqaro ekspertlar kengashlarini tuzish;
xalqaro kinofestivallarni o‘tkazish bo‘yicha katta tajribaga ega bo‘lgan xorijiy tashkilotlarni Kinofestivalga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazishga shartnoma asosida jalb etishni tashkil qilish;
Kinofestivalning logotipi, esdalik sovg‘alari, diplom va statuetka namunalarini, uning dasturi, tantanali ochilish va yopilish marosimlari ssenariysi va badiiy dasturlari, xarajatlar smetasi, ishtirokchilari va mehmonlari ro‘yxatini tasdiqlash;
Kinofestival va uning doirasidagi tadbirlarni yuqori saviyada o‘tkazishga qaratilgan boshqa kompleks tayyorgarlik ishlarini amalga oshirish.
6. Kinematografiya agentligi, Milliy kinematografiyani rivojlantirish markazi, O‘zbekiston kinoarboblari ijodiy uyushmasi
va Toshkent shahar hokimligining Alisher Navoiy nomidagi kino saroyi binosini Milliy kinematografiyani rivojlantirish markazi boshqaruviga berish va uning negizida “Kinochilar uyi”ni tashkil qilish haqidagi taklifi ma’qullansin.
7. Belgilansinki:
a) Kinofestivalga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bo‘yicha:
Milliy kinematografiyani rivojlantirish markazi faoliyatiga Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladigan va doimiy asosda ishlaydigan 9 nafar mutaxassis jalb etiladi;
mazkur mutaxassislar mehnatga haq to‘lash shartlari bo‘yicha Madaniyat vazirligi huzuridagi Xalqaro festivallar direksiyasi xodimlariga tenglashtiriladi;
b) Kinofestivalga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bilan bog‘liq xarajatlar:
2021 yilda – Tashkiliy qo‘mita tomonidan tasdiqlangan xarajatlar smetasiga asosan Vazirlar Mahkamasining zaxira jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan belgilangan tartibda qoplanadi;
2022 yildan boshlab, kelgusi yillarda Davlat byudjeti parametrlarida nazarda tutiladi;
homiylik xayriyalari va qonunchilik hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan ham qoplanishi mumkin;
v) 2022 yil 1 yanvarga qadar tadbirkorlik sub’ektlari tomonidan Kinofestivalga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish uchun yo‘naltiriladigan mablag‘lar summasiga foyda solig‘ini hisoblashda chegiriladigan xarajatlar sifatida qaraladi, bunda mazkur chegiriladigan xarajatlar soliq solinadigan bazaning 2 foizidan oshmasligi lozim;
g) g‘oyasi va mazmuni Kinofestival shioriga mos, jahon kinematografiyasi rivojida salmoqli o‘ringa ega bo‘lgan, milliy qadriyatlar va madaniyatlarni o‘zida yorqin aks ettirgan filmlarning ijodkorlari xalqaro ekspertlar kengashi tomonidan diplom, ramziy haykalcha va har biri 20 ming AQSH dollaridan iborat beshta pul mukofoti bilan taqdirlanadi;
d) Osiyo qit’asi va qadimiy Ipak yo‘li bo‘ylab joylashgan mamlakatlar yosh kinoijodkorlarining qisqa metrajli filmlari festivali g‘oliblari diplom va quyidagi miqdorlarda pul mukofotlari bilan taqdirlanadi:
1-o‘rin uchun – 15 000 AQSH dollari;
2-o‘rin uchun – 10 000 AQSH dollari;
3-o‘rin uchun – 7 000 AQSH dollari.
8. Toshkent shahar hokimligi (J.A.Artikxodjayev) Kinematografiya agentligi (F.F. Abduxalikov), Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi bilan birgalikda 2022 yil va kelgusi yillar Investitsiya dasturi doirasida “O‘zbekfilm” kinokonserni” hududidagi O‘zbekiston Kinematografiya akademiyasi binosini rekonstruksiya qilish va jihozlashni ta’minlasin.
9. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari Kinematografiya agentligi (F.F.Abduxalikov) bilan birgalikda 10 kun muddatda hududlarda Kinofestival tadbirlariga tayyorgarlik ko‘rish va ularni yuqori saviyada o‘tkazish bo‘yicha chora-tadbirlar rejasini tasdiqlasin, shuningdek, unda belgilangan vazifalar 2021 yil 1 sentyabrga qadar to‘liq amalga oshirilishini ta’minlasin. Bunda, jumladan, quyidagilarni nazarda tutsin:
Kinofestival dasturida belgilangan tadbirlarni yuqori darajada o‘tkazish bilan bog‘liq tegishli xarajatlarni Kinofestival xarajatlar smetasiga asosan mahalliy byudjet mablag‘lari hisobidan qoplash;
hududlardagi kinoteatrlar va tadbir o‘tkaziladigan ob’ektlar, ularga tutash hududlar va olib boradigan yo‘llarda ta’mirlash-tiklash va obodonlashtirish ishlarini olib borish hamda Kinofestival doirasida filmlar namoyish etishga tayyorlash.
10. Madaniyat vazirligi (O.A.Nazarbekov) Kinematografiya agentligi bilan birgalikda Kinofestivalning ochilish va yopilish marosimlari va boshqa tadbirlarida konsert-tomosha dasturlarini tashkil qilsin.
11. Tashqi ishlar vazirligi (A.X. Kamilov):
a) Kinematografiya agentligi (F.F.Abduxalikov) bilan birgalikda Kinofestivalga:
mehmonlar va ishtirokchilarni O‘zbekiston Respublikasining xorijdagi diplomatik vakolatxonalari va konsullik muassasalari orqali taklif etishni ta’minlasin;
BMT, MDH, SHHT, YUNESKO, AYSESKO, FIAPF va boshqa xalqaro tashkilotlar hamda xorijiy mamlakatlarning O‘zbekistondagi diplomatik vakolatxonalari va konsullik muassasalari vakillarini taklif etsin;
b) Kinofestivalga tashrif buyuruvchi mehmonlar uchun Kinematografiya agentligining talabnomalariga asosan O‘zbekiston Respublikasiga kirish vizalarining belgilangan tartibda konsullik va boshqa yig‘imlarni undirmasdan rasmiylashtirilishini ta’minlasin.
12. Bosh vazir o‘rinbosari – turizm va sport vaziri A.A.Abduxakimov Kinematografiya agentligi (F.F.Abduxalikov) bilan birgalikda:
mahalliy va xorijiy investorlarni Kinofestivalga jalb etish uchun “investitsiya paketlari”ni shakllantirish;
“investitsiya paketlari” doirasida investorlarga taniqli kino yulduzlarini taklif etish va ular ishtirokida o‘zlarining reklama va targ‘ibotlarini tashkil qilish bo‘yicha keng shart-sharoitlar yaratib berish yuzasidan takliflar ishlab chiqsin.
13. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari, tegishli vazirlik va idoralar davlat tasarrufidagi videoekranlar va bilbord ko‘rinishidagi tashqi reklama ob’ektlarida berilayotgan reklama vaqtining 2021 yil 1 iyun – 1 sentyabr kunlari 5 foizi, 2021 yil 1 sentyabr – 3 oktyabr kunlari 10 foizi Kinofestivalni targ‘ib qilish uchun ajratilishini ta’minlasin.
14. O‘zbekiston Milliy axborot agentligi, O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, O‘zbekiston elektron ommaviy axborot vositalari milliy assotsiatsiyasi, “Dunyo” axborot agentligi hamda boshqa ommaviy axborot vositalariga Kinofestival faoliyatini keng yoritib borish tavsiya etilsin.
O‘zbekiston elektron ommaviy axborot vositalari milliy assotsiatsiyasi Kinofestival xarajatlar smetasi doirasida xorijiy ommaviy axborot vositalarida uning reklamasi va targ‘ibotini tashkil qilsin.
15. Ichki ishlar vazirligi (P.R. Bobojonov), Milliy gvardiya (R.M. Djurayev) va Favqulodda vaziyatlar vazirligi (A.X. Qo‘ldoshev) Kinofestival tadbirlari, mehmonlari va ishtirokchilarining xavfsizligini ta’minlash uchun zarur chora-tadbirlarni amalga oshirsin.
16. Sog‘liqni saqlash vazirligi (A.M.Xadjibayev) Kinofestival o‘tkaziladigan joylarda tez tibbiy yordam punktlarini tashkil etsin, tadbirlar o‘tkaziladigan vaqtda sanitariya qoidalariga, normalariga va gigiyena normativlariga qat’iy rioya qilinishini nazorat qilsin.
17. Davlat bojxona qo‘mitasi (M.B.Azimov) Kinofestival ishtirokchilarini hamda ularning yuklarini olib kirish va olib chiqish uchun bojxona rasmiylashtiruvini belgilangan tartibda tezkorlik bilan amalga oshirilishini ta’minlasin.
18. Mazkur qaror ijrosini samarali tashkil etishga mas’ul va shaxsiy javobgar etib Bosh vazir o‘rinbosari – turizm va sport vaziri A.A.Abduxakimov va Kinematografiya agentligi bosh direktori F.F. Abduxalikov belgilansin.
Qaror ijrosini muhokama qilib borish, ijro uchun mas’ul vazirliklar va idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi A.A.Abduvaxitov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.MIRZIYOEV
Toshkent shahri,
2021 yil 19 iyun