Toshkent xalqaro marafonida ikki sportchimiz Olimpiya o'yinlari talabini bajardi

    Bugun poytaxtimizda II Toshkent xalqaro marafoni o'tkazildi. Quvonarlisi, musobaqada ishtirok etgan ikki sportchimiz – Andrey Petrov va Ekaterina Tunguskova Tokioda bo'lib o'tadigan yozgi Olimpiya o'yinlari talabini bajarishga muvaffaq bo'ldi.

    21 kilometr 97,5 metrlik yarim marafon musobaqasida erkaklar bellashuvida surxondaryolik Evgeniy Fadeev, ayollar o'rtasida andijonlik Azizaxon Mirzaakbarova marraga birinchi bo'lib etib keldi.

    Xalqaro marafonning asosiy bahslarida 42 kilometr 195 metrlik masofani esa erkaklar o'rtasida hamyurtimiz Andrey Petrov, ayollardan qirg'izistonlik sportchi Mariya Korobskaya bosib o'tdi. O'zbekistonlik sportchi Ekaterina Tunguskova esa marrani ikkinchi bo'lib zabt etdi.

    Marafon yakunida g'olib va sovrindorlar, shuningdek, ushbu musobaqa orqali Olimpiadaga yo'llanma olgan sportchilar taqdirlandi.

    Yarim marafonda yugurgan O'zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Xavfsizlik kengashi kotibi, O'zbekiston triatlon federatsiyasi raisi Viktor Mahmudov "G'alabaga bo'lgan irodasi uchun" nominatsiyasiga sazovor bo'ldi.

    Marafonda O'zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o'rinbosari A.Abduhakimov, jismoniy tarbiya va sport vaziri D.Nabiev, Milliy olimpiya qo'mitasi raisi Rustam Shoabdurahmonovlar ishtirok etdi.