Toshkent xalqaro taʼlim universiteti (TIUE) va University of Portsmouth oʻrtasida hamkorlik aloqalari oʻrnatildi

    Xalq taʼlimi vazirligi va Oʻzbekistonning Buyuk Britaniyadagi elchixonasi koʻmagida Toshkent xalqaro taʼlim universiteti va University of Portsmouth Higher Education Corporation oʻrtasida Anglashuv memorandumi imzolandi.

    Memorandum doirasida tomonlar hamkorlikda Pedagogika, jumladan STEAM yoʻnalishida oʻqituvchilarni tayyorlash, Axborot texnologiyalari, Biznes boshqaruviga oid qoʻshma taʼlim dasturlarini yaratish hamda oʻqituvchilarning malakasini oshirish va qayta tayyorlash dasturlarini ishlab chiqishni kelishib oldilar.

    University of Portsmouth kelajakda taʼlim muassasalari orasida talabalar almashinuvini yoʻlga qoʻyishga alohida qiziqish bildirdi. Taʼlim muassasalari professorlarning almashinuvini ham yoʻlga qoʻyish rejalashtirilgan. Qoʻshma tadqiqotlar tashkil etish va tadqiqotlarga homiylik mablagʻlarini jalb qilish hamkorlikning yoʻnalishlaridan biri boʻladi. Turli seminar va konferensiyalar tashkil etish hamda tajriba almashish koʻzda tutilmoqda.

    Memorandumni imzolash marosimida Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vaziri oʻrinbosari Rustam Karimjonov, Oʻzbekistonning Buyuk Britaniyadagi elchisi Said Rustamov, Xalq taʼlimi vaziri maslahatchisi Ulugʻbek Kasimxoʻjayev, Britaniya Kengashidan R.Everitt va J.Gulyamova, Toshkent xalqaro taʼlim universiteti va University of Portsmouth vakillari ishtirok etdi.

    Videokonferensiya doirasida ishtirokchilar Oʻzbekiston va Buyuk Britaniya oʻrtasida taʼlim sohasida hamkorlik masalalari, Toshkent xalqaro taʼlim universiteti va University of Portsmouth oʻrtasida hamkorlik istiqbollarini muhokama qildilar.